FAOning yer va suv resurslari bo‘yicha katta mutaxassisi Mohir Salmon O‘zbekistonda ekinlarni sug‘orishni maqbullashtirish bo‘yicha AquaCrop dasturining tizimli integratsiyasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida yurtimizga tashrif buyurdi.
Ushbu tashrif BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) va Global Ekologik Jamg‘armaning “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg‘oqchil va sho‘rlangan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” (CACILM-2) mintaqaviy loyihasini amalga oshirish doirasida tashkil etildi. M. Salmon FAOning Bosh vakolatxonasida suv resurslarini boshqarish guruhi ishiga rahbarlik qiladi.
AquaCrop – bu FAOning yer va suv resurslari bo‘limi tomonidan oziq-ovqat xavfsizligi va atrof-muhit sharoitlari va boshqaruvining hosildorlikka ta’sirini baholash uchun ishlab chiqilgan “ekinlarni namlash” tizimining mahsuldorlik modeli. AquaCrop suvdan foydalanishga qarab ekinlarning hosildorligini bashorat qiladi, bu, ayniqsa, qurg‘oqchilik xavfi bo‘lgan hududlar uchun dolzarb hisoblanadi.
Tashrif davomida Mohir Salmon O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Suv xo‘jaligi vazirligida uchrashuvlar o‘tkazdi. Milliy hamkorlar bilan uchrashuvlarda suv resurslarini innovatsion va barqaror boshqarish masalalari, O‘zbekistonda AquaCrop dasturining joriy qilinishi, qurg‘oqchilik va uning oqibatlarini oldini olish masalalari muhokama qilindi. FAO zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali suv tanqisligidan kelib chiqadigan muammolarni hal qilishda qanday yordam berishi mumkinligi o‘rganildi.
Bundan tashqari, mutaxassis Buxoro viloyatidagi CACILM-2 loyihasining tajriba maydonlarida yer ostidan sug‘orish, yerga ishlov bermasdan ekish kabi usullar qo‘llanilayotgan loyiha maydonlarida erishilgan natijalar bilan tanishdi.
“Tajriba maydonlariga tashrif davomida biz an’anaviy usullarga nisbatan iqtisodiy va texnik nuqtai nazardan tuproq ostidan sug‘orish va “nol” ishlov berishdan foydalanish samaradorligiga amin bo‘ldik. Buni ushbu usullarni kengaytirishdan manfaatdor bo‘lgan fermerlarning o‘zlari ham tasdiqladilar”, — dedi FAOning yer va suv resurslari bo‘yicha katta mutaxassisi Mohir Salmon.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: