Boku shahrida Turkiy davlatlar II agrobiznes forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) Qishloq xo‘jaligi vazirlarining ikkinchi yig‘ilishi doirasida tashkil etildi. Eslatib o‘tamiz, TDT Qishloq xo‘jaligi vazirlarining birinchi yig‘ilishi O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgandi.
Agroforumda tashkilotga a’zo davlatlar (O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Vengriya va Turkmaniston)ning qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati sohalarida faoliyat yuritayotgan 200 dan ortiq yirik ishlab chiqaruvchi kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi. Bu o‘z navbatida kompaniyalar uchun B2B uchrashuvlar orqali yangi savdo-iqtisodiy hamkorlik va kooperatsion aloqalarni o‘rnatish borasida qulay platforma hisoblanadi.
Tadbirni Ozarbayjon Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Mejnun Mamedov kirish so‘zi bilan ochib berar ekan, qishloq xo‘jaligi sohasida hosildorlikni yanada oshirish, ekologik toza va raqamli qishloq xo‘jaligini yaratish, eksport mahsulotlari turi va geografiyasini diversifikatsiya qilish qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirishning asosiy tamoyillari ekanligini ta’kidladi.
O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov tashkilotga a’zo mamlakatlarning ilmiy-texnologik va iqtisodiy salohiyati mamlakatlar iqtisodiyotining barqaror rivojlanishini, eksport geografiyasini kengaytirish va jahon bozoriga chiqishni ta’minlashga imkon berishini ta’kidladi.
Turkiy davlatlar agrobiznes forumi doirasida agrosanoat majmuasida o‘zaro iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, jumladan, a’zo davlatlar va kuzatuvchilar o‘rtasida o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishga, tovar ayirboshlashni oshirish va sarmoyalarni safarbar etishga e’tibor qaratildi.
Boku tadbirlari doirasida ishtirokchi davlatlar Qishloq xo‘jaligi vazirlari Ozarbayjon Qishloq xo‘jaligi vaziri Mejnun Mamedov bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdilar. Jumladan, O‘zbekiston va Ozarbayjon Qishloq xo‘jaligi vazirlarining uchrashuvi samimiy va amaliy ruhda o‘tdi. Unda avvalgi uchrashuvlarda belgilab olingan ishlarning borishi va kelgusi hamkorlik loyihalari muhokama etildi.
Turkiy davlatlar tashkiloti Qishloq xo‘jaligi vazirlarining II yig‘ilishi va Turkiy davlatlar II agrobiznes forumi ishtirokchilari Ozarbayjonning sobiq Prezidenti Haydar Aliev qabrini ziyorat qildilar. Shuningdek, Shahidlar xiyobonida Ozarbayjonning suvereniteti va hududiy yaxlitligi uchun jonini fido qilgan Vatan farzandlari xotirasini yod etdilar. “Turkiy shahidlik” monumentini ham ziyorat qilib, uning poyiga gulchambarlar qo‘yishdi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: