Dehqon yerga qanchalik mehr bersa, undan oqilona foydalansa, yer ham unga kutilgan natijasini tortiq etadi. Bugun qishloq xo‘jaligida yerdan oqilona foydalanish, birinchi ekindan bo‘shagan yerlarga takroriy ekin ekish orqali aholi daromadini oshirish, ayniqsa, ehtiyojmand oilalarga yer ajratib, kambag‘allikni qisqartirish asosiy maqsadga aylangan. Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanidagi «Abdumo‘min Jo‘rayev» fermer xo‘jaligi ham bugun yerdan unumli foydalanib, takroriy ekin ekayotgan mirishkorlar jamoasi sanaladi.
Fermer xo‘jaligi 2006-yilda tashkil etilgan. Bu yil fermer xo‘jaligi uchun omadli keldi. Fermer xo‘jaligiga qarashli 60 gektar yer maydonida paxta-g‘alla ekinlari ekilgan bo‘lsa, shundan 27 gektari donga ajratilgan. Hosil mo‘l bo‘ldi, yer maydonining har bir gektaridan 60-70 sentnerdan, umumiy hisobda 105 tonna g‘alla hosili yig‘ishtirib olindi.
G‘alladan bo‘shagan yerlarning 20 gektariga takroriy ekin sifatida yeryong‘oq ekilmoqda. Ushbu ekin gektaridan 3,5 tonnadan hosil beradi. Gektaridan 10-15 million sof daromad olinadi. Yeryong‘oq tuproq unumdorligini oshiruvchi va mo‘l hosil beruvchi ekinlardan biri. Shuningdek, o‘simlikning poyasini chorva mollariga ozuqa sifatida berish mumkin. Ayni kunlarda yeryong‘oq ekilgan maydonlarda ishchilar tomonidan oxirgi chopiq ishlari bajarildi. Ekinlarga o‘g‘it solinib, sug‘orish ishlari boshlandi.
Shuningdek, takroriy ekin sifatida makkajo‘xori ham ekilgan.
Fermer xo‘jaligi g‘alladan bo‘shagan yerlardan 4 gektarini mahalladagi «Temir daftar», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari»dagi ehtiyojmand oilalarning har biriga 15 sotixdan ajratib berdi.
Bugungi kunda fermer xo‘jaligida 12 nafar doimiy va mavsumiy ishchilar ishlamoqdalar.
Eng muhimi, fermer xo‘jaligi bugun nafaqat o‘zi va ishchilarining daromadlarini oshirishga, balki mahalladagi ehtiyojmand oilalarning ham yerdan foyda olib, ro‘zg‘orlariga baraka kirishiga hissa qo‘shmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: