Chigirtkalar qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligiga katta zarar yetkazadi. Har yili bu zararkunandaga qarshi kurash fermer-dehqonlardan, soha mutaxassislaridan ancha kuch va vaqt sarfini talab etadi.
Chigirtkalarning tarqalish o‘choqlari borish qiyin bo‘lgan hududlarda bo‘lgani bois, mutaxassislarning u yerga yetib borishlari, kerakli choralarni o‘z vaqtida, tezkor amalga oshirishlari uchun zaruriy texnika bilan ta’minlash muhim.
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning “Markaziy Osiyoda chigirtkasimonlarga qarshi kurashishni yaxshilash (II faza)” loyihasi doirasida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligiga maxsus jihozlangan 8 ta “Toyota Hilux” avtomashinasi topshirildi.
Olimjon Qahhorov, BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) texnik loyihasi koordinatori:
“Bugungi avtomashinalar taqdim etilishi FAO tomonidan o‘tkazib kelinayotgan chigirtkaga qarshi kurash tadbirining mantiqiy davomi sanaladi. 2022-yilda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligiga chigirtkalarga qarshi ishlov berishda qo‘llaniladigan purkagichlar taqdim etgandik, endi ularni o‘rnatish uchun avtotexnika topshirilyapti. Aynan bu mashinalar tanlanishiga sabab – ular O‘zbekistonning borish qiyin bo‘lgan chekka hududlarida zararli chigirtkalarga qarshi kurashish uchun juda qulay. Bundan oldin o‘zbekistonlik mutaxassislar FAO tomonidan o‘qitilgan, qator seminar-treninglar o‘tkazilgan. Bugunga qadar FAO O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi uchun 200 dan ziyod issiqxonalar, mini-traktorlar yetkazib bergan, jumladan Karantin agentligi faoliyatini texnik-texnologik va innovatsion takomillashtirish borasida ham ko‘mak berish ko‘zda tutilgan”.
Avtotransport vositalarini topshirish marosimida ta’kidlanganidek, ekinlar va yaylovlarga zarar yetkazmaslik, shuningdek, chigirtkalarga qarshi kurash usullarining inson salomatligi va atrof-muhitga salbiy ta’sirini minimallashtirish uchun chigirtkalar bosqiniga qarshi o‘z vaqtida chora ko‘rish zarur.
Taqdim etilgan “Toyota Hilux” pikaplari chigirtkalarga qarshi kurash uchun purkagichlar bilan qayta jihozlangan. Ushbu purkagichlar yordamida hududlarga ishlov berish ultra kichik hajmli purkash (ULV) texnologiyasi bo‘yicha amalga oshiriladi, u bugungi kunda butun dunyoda chigirtkaga qarshi kurashishning eng samarali uslubi deb topilgan. Qolaversa, bu uslub atrof-muhitga minimal ta’sir ko‘rsatadi.
Keyingi o‘n yilda ULV texnologiyasi chigirtkaga qarshi kurashishda xalqaro standartga aylandi va FAO shafeligi ostidagi amalda barcha chigirtkaga qarshi ishlov berishlar aynan u bilan o‘tkazilmoqda.
Bahodir Xudoyqulov, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i:
“Chigirtkalar qishloq xo‘jaligiga jiddiy zarar beradigan hasharot sanaladi. Mamlakatimizda chigirtkaning 200 ga yaqin turi mavjud bo‘lib, shulardan 7-8 xiliga qarshi har yili kimyoviy kurash ishlari olib boriladi. Zararli hasharotlarga qarshi kurashish ishlari agentlikning doimiy nazoratida bo‘lib, bu boradagi ishlar muntazam ravishda, o‘z vaqtida amalga oshiriladi. Joriy yilda ham zararkunandalarga qarshi kurash ishlari o‘z vaqtida, samarali o‘tkazildi. Natijada qishloq xo‘jaligi ekinlari va yaylov o‘simliklariga zarar keltirilishining oldi olindi”.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish lozimki, bu tashkilotlarning birinchi yaqin hamkorligi emas. Bundan oldin ham FAO tomonidan zararli chigirtkalarga qarshi kurash yo‘nalishida o‘quv-amaliy seminarlar o‘tkazilib, zaruriy texnika, shu jumaladan uzoq masofalarda kuzatuv-nazorat ishlarini olib borish uchun mototsikllar, shuningdek purkagichli avtomobillarning birinchi partiyasi ham Agentlikka berilgan edi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: