Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Italiyada mahalliy tadbirkorlar bilan davra suhbati o‘tkazdi.
Shu kunlarda Aziz Voitov boshchiligidagi O‘zbekiston oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasi delegatsiyasi Italiyada tashrif bilan bo‘lib turibdi. Tashrif davomida Italiyaning Chezena shahrida yirik italyan kompaniyalari vakillari, mahalliy tadbirkorlar bilan davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda xalqaro oziq-ovqat ko‘rgazmalari tashkilotchisi “Macfrut” kompaniyasining prezidenti Renzo Piratssini, CERMAC agrotexnika ishlab chiqaruvchilar uyushmasi prezidenti Enriko Turoni, Romanya, Forli-Chezena va Rimini muzofotlari tijorat palatasi prezidenti Karlo Battistini kabi Italiya biznes doirasining yuzga yaqin vakillari qatnashdi.
Davra suhbatida italyan tadbirkorlar O‘zbekiston oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasining imkoniyatlari, tarmoqda olib borilayotgan islohotlar hamda sohaning eksport salohiyati bilan tanishtirildi. O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun beriladigan imtiyozlar va qulay imkoniyatlar haqida so‘zlab berildi.
Italiya biznes doirasi vakillari O‘zbekiston agrar sohasiga katta qiziqish bildirib, agrooziq-ovqat yo‘nalishidagi hamkorlikni yanada kengaytirish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligini e’tirof etdilar. Jumladan, CERMAC agrotexnika ishlab chiqaruvchilar uyushmasi prezidenti Enriko Turoni so‘zga chiqib, iyul oyi boshida O‘zbekiston tomoni bilan memorandum imzolanganini alohida ta’kidladi va ikki mamlakat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi uchun mashinalar, jihozlar ishlab chiqarish va
zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy qilish borasida uzoq muddatli aloqalarga asos solinganidan mamnunligini bildirdi.
Davra suhbati do‘stona muloqot ruhida o‘tdi, Italiya tadbirkorlari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javoblar oldilar.
Aytish o‘rinliki, tashrif davomida O‘zbekiston delegatsiyasi “Unitec” kompaniyasida bo‘lib, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash va saralash liniyasi bilan tanishdi. Shuningdek, seleksiya-urug‘chilik faoliyatiga ixtisoslashgan “SAS seeds” kompaniyasida italyan urug‘chiligining so‘nggi yutuqlari o‘rganildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: