Mamlakatda chorvachilikni rivojlantirish va go‘sht-sut mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish hisobiga oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Sohada ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish va bu orqali qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish, kooperatsiya munosabatlarini rivojlantirish, chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash shular jumlasidan. Bundan tashqari mutasaddilar tomonidan chorvachilikda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanishni tashkil etish borasidagi qilinayotgan ishlar ham tahsinga sazovor.
2019-yil 19-iyulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida “Farg‘ona vodiysida qishloq tadbirkorligini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi. Ushbu qarordan ko‘zlangan asosiy maqsad qishloq xo‘jaligi sohasida iqtisodiy tizimni yanada chuqur isloh qilish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash, qishloq joylarda xizmat ko‘rsatish tizimini kengaytirish, shuningdek, turizm, chorvachilik hamda hunarmandchilikni rivojlantirish, Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida yangi ish o‘rinlarini yaratishdan iborat.
Namangan viloyati Pop tumanida chorvachilikka ixtisoslashgan “Cafe restaurant zeytun” MCHJ ham Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida “Farg‘ona vodiysida qishloq tadbirkorligini rivojlantirish” loyihasi doirasida 1 mln 987 ming AQSH dollari miqdorida kredit mablag’i olgan. Ushbu mablag’lar evaziga Fransiyadan monbelyar zotli qoramollar olib kelingan.
Umumiy qiymati 35 milliard so’m bo’lgan chorvachilik kompleksida kunlik sut sog’ib olish hajmi 3 tonnani tashkil etadi. Har bir qoramol o’rtacha hisobda 24-26 litrgacha sut bermoqda.
Abubakr Mamadaliyev “Cafe restaurant zeytun” MCHJ rahbari:
“Fermamizda 45 nafar doimiy ishchi mavjud. Ayni paqtda 300 bosh qoramolimiz bor. Ularga beriladigan ozuqani hozircha sotib olayapmiz. Shu o’rinda aytadigan bo’lsam, rejamizda qo’shimcha yer olib, unga qoramollar uchun ozuqa yetishtirishni maqsad qilganmiz. Shunda har bir qoramol uchun 35-50 sotix yer maydoni to’g’ri keladi. Keyingi bosqich doirasida yana 600 bosh qoramol olib kelmoqchimiz. Bu orqali biz sutning umumiy hajmini 15-20 tonnagacha oshirmoqchimiz”.
Umuman olganda respublikamiz chorvachiligida islohotlarning yangi davri boshlanmoqda. Bu chorvadorlarga yangi g‘ayrat, yangicha kuch-quvvat baxshida etadi. Endilikda chorvachilikda intensiv o‘sishga hamda yuqori mahsuldorlikka erishiladi desak mubolag’a bo’lmaydi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: