Joriy yilning 24-25-may kunlari Toshkent shahrida “Sabzavot, poliz va kartoshkachilik sohasida erishilgan ilmiy yutuqlar, muammolar va ularning yechimlari, ishlab chiqarish bilan integratsiya” mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazi (AKIS) va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bilan hamkorlikda tashkil etilgan anjuman O‘zbekistonda va xorijda sabzavot, poliz va kartoshkachilik sohalarida so‘nggi yillarda erishilgan yutuqlar, amalga oshirilayotgan tadqiqotlar va ularning natijalari, sohadagi mavjud muammolar va ularning ilmiy yechimlari hamda istiqboldagi rejalarni belgilash va tavsiyalar ishlab chiqish masalalariga bag‘ishlanmoqda.
Xalqaro anjumanni Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov kirish so‘zi bilan ochib berdi va bugungi kunda qishloq xo‘jaligi, xususan sabzavotchilik, poliz ekinlari va kartoshkachilik yo‘nalishida mamlakatimiz olimlari tomonidan qilinayotgan ilmiy-tadqiqot ishlariga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi:
“Mamlakatimizdagi ko‘plab ilmiy muassasalar qatorida Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga, zamonaviy laboratoriyalar tashkil etishga, eng so‘nggi rusumdagi qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan taʼminlashga, olimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Institutning 90 yillik faoliyati davomida qo‘lga kiritilgan ilmiy yutuqlari, ilm-fan-ishlab chiqarish integratsiyasi taʼminlanishi O‘zbekistonda sabzavotchilik rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shdi. So‘zimning isboti sifatida kichik bir maʼlumot, institutda sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkaning 230 dan ortiq nav va duragaylari yaratilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xo‘jaligi ekinlari Davlat reestriga sabzavot, poliz va kartoshka ekinlarining 32 ta ekin turi bo‘yicha 181 ta navlari kiritilgan. Intellektual mulk agentligidan
14 ta nav patentlashtirilgan”.
Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutining 90 yillik faoliyatiga bag‘ishlab tashkil etilgan ushbu anjuman doirasida sohaga oid 5 ta ilmiy qo‘llanmalarning taqdimoti ham o‘tkazildi. Tadbirda qishloq xo‘jaligi sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini yanada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qarorlar qabul qilinayotgani, erishilayotgan natijalar, yaratilayotgan istiqbolli navlar xususida ham mutaxassislarning maʼruzalari tinglandi.
Anjuman davom etmoqda va uning tafsilotlarini biz bilan kuzating.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: