Xalqaro bozorda O‘zbekistonda yetishtirilgan va qayta ishlangan quruq mevalar raqobatbardoshligini oshirish, yangi bozorlarni zabt etish yo‘lida davlat va xususiy sektor sa’y-harakatlarini uyg‘unlashtirish maqsadida “Yo‘l xaritasi” va doimiy faoliyat yurituvchi platforma tashkil qilishga kirishildi.
Keyingi yillarda meva-sabzavotlarni yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilishda yaxshi natijalarga erishilmoqda. Lekin, oxirgi ikki yildagi geosiyosiy vaziyat, o‘zbek eksportchilarining faoliyati tarixan Rossiya va boshqa MDH davlatlariga yo‘nalganligi, ularning xarid qobiliyati esa keskin tushib borayotgani, logistikada murakkabliklar tug‘ilayotgani o‘zbekistonlik meva-sabzavot eksporti uchun yangi bozorlarni izlashni taqozo qilmoqda.
Shulardan biri – Yevropa bozori. Bu mintaqa xalqaro eksportda ustuvor bozor sanaladi. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Shveytsariya hukumati, Xalqaro savdo markazi (ITC) hamkorligida tashkil etilgan loyiha – quritilgan meva-sabzavot eksportini rivojlantirish chora-tadbirlarini o‘z ichiga olgan “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va besh yilga mo‘ljallangan ushbu yo‘l xaritasining mantiqiy davomi o‘laroq, davlat-xususiy platformasini yaratish O‘zbekistonning sarxil quruq mevalarining jumladan ushbu bozorga to‘siqsiz kirib borishini ta’minlashga qaratilgan.
Nega aynan qurilgan mevalar eksporti kun tartibiga olib chiqildi? Meva-sabzavotlarni qayta ishlovchilar va eksport qiluvchilar uyushmasi raisi, “Global Eksport” korxonasi rahbari Sardor Abbosxonovga ko‘ra, buning o‘ziga xos sabablari mavjud.
Sardor Abbosxonov, Meva-sabzavotlarni qayta ishlovchilar va eksport qiluvchilar uyushmasi raisi:
“Yevropa bozoriga aniq va tez kira oladigan mahsulotimiz – bu quruq mevalar. Bu jarayonni qanday yo‘lga qo‘yish kerakligini aniqlab olish maqsadida hozirda biz mahalliy va xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqyapmiz. Bu loyiha quritilgan mevalarni yetishtirish, tayyorlash, quritish va ishlab chiqarish jarayonlarini, shuningdek ularni qadoqlash, standartlarga javob berishini ta’minlash va oxirgi bosqich – xorijiy bozorlarga olib chiqish masalalarini qamrab oladi. “Yo‘l xaritasi” doirasida avvalo bevosita fermer-dehqonlarni o‘qitishimiz zarur. Chunki xom ashyo sifatli bo‘lsagina tayyor mahsulot sifatli bo‘la oladi, jahon standartlariga javob beradi va shunday mahsulot bilan biz yuqori talabga ega mamlakatlar bozorlariga kira olamiz. Yo‘l xaritasi besh yilga tuzilmoqda. Bu davr mobaynida bozor o‘zgarishi, yangicha talablar yuzaga kelishi tabiiy. Shulardan kelib chiqib “Yo‘l xaritasi”ga kerakli qo‘shimcha, o‘zgartishlar kiritib boriladi”.
Bu ishlarni nazorat qilish, muammolarni birgalikda hal qilish uchun platforma tashkil qilinadi. Quruq mevalar tayyorlash va eksport qilishning butun siklida davlat hamda xususiy sektor o‘rtasida muntazam muloqotni ta’minlovchi bu platforma davlat va xususiy sektor ishtirokida faoliyat yuritadi. Ya’ni, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, “O‘zstandart” agentligi, SSP va boshqa davlat tashkilotlari – bir tomondan, boshqa tomondan – shu sohada tajribaga ega bo‘lgan tadbirkorlar, jumladan yaqinda tashkil etilgan Meva-sabzavotlarni qayta ishlovchilar va eksport qiluvchilar uyushmasi, uning a’zolari platforma doirasida bahamjihat ish olib boradilar.
Sardor Abbosxonov, Meva-sabzavotlarni qayta ishlovchilar va eksport qiluvchilar uyushmasi raisi:
“Hozirda davlat tomonidan yaratilgan imkoniyatlar, subsidiyalar, soliq imtiyozlari borasida biz maksimal natijaga erishdik. Keyingi darajaga chiqish uchun esa, sifatga – xom ashyo, qayta ishlashning sifatli bo‘lishi va standartlarga javob berishiga, marketingni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishga e’tibor qaratishimiz lozim. Misol uchun, shunchaki turshak yoki mayiz emas, balki O‘zbekistonning falon tumanida yetishtirilgan, deb brend o‘laroq yetkazib berish, brendni tatbiq etish kerak. Yevropadagi bilsinki, bu o‘zbekning turshagi, O‘zbekistonning mayizi. Hozirda esa, Yevropa bozorida bizning mahsulotlarni boshqa mintaqalarniki bilan solishtirishadi. Turkiyaning turshagi, Chilining quritilgan olxo‘risiga o‘xshatadilar. Holbuki O‘zbekistonning o‘ziga xos iqlimi mavjud, uning mahsuloti butunlay boshqacha. Deylik, bizning “Subhon” navli turshagimiz bor. Hozirda uni turk turshaklariga o‘xshatishadi. Lekin “Subhon” ta’mi bilan ham, o‘lchami bilan ham ajralib turadi. Biz FAO hamkorligida O‘zbekiston, Farg‘ona viloyatining “Subhon” nomli turshagi degan brendni qayd ettirish va uni iste’molchilar ongida muhrlash ustida ishlayapmiz”.
Buning uchun esa, ishni bevosita fermerlardan boshlash talab qilinadi. Meva daraxtining ko‘chati tayyorlanishidan boshlab, uning hosili Yevropa bozoriga eksport qilinishi, demakki, uni parvarishlash, o‘g‘itlash ishlari muayyan standart asosida bo‘lishi lozimligiga e’tibor berish lozim. Buning uchun fermerlarni o‘qitish, tushushtirish ishlarini olib borish, xalqaro tajriba bilan tanishtirish ahamiyatli.
Aleksandra Golovko, Xalqaro savdo markazi (ITC) maslahatchisi, samarali strategiyalar targ‘ibotchisi:
“Biz davlat va xususiy sektor ishtirokida quruq mevalar bo‘yicha platforma tashkil etishda O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligini qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu platformada biznes vakillari, quruq mevalar ishlab chiqaruvchilar, shuningdek bu tarmoq uchun muhim bo‘lgan barcha davlat tashkilotlari qatnashadilar. Ushbu platforma to‘laqonli ishlashi uchun “Yo‘l xaritasi” tashkil etiladi, uni ham tomonlar birgalikda amaliyotga tatbiq etadilar va muvofiqlashtiradilar. Ushbu platforma uchun eng muhimi – bu unda xususiy sektorning ishtirok etishi va aynan o‘zlari uchun zarur bo‘lgan jihatlarni ilgari surishlaridir. Shunda hukumat ularga quloq soladi va ularning ehtiyojlarini hisobga oladi. Bu platforma ham eksportchilarni, ham ishlab chiqaruvchilarni qamrab oladi. Chunki ishlab chiqaruvchilar qo‘shilgan qiymat zanjirida asosiy halqa sanaladi, qolaversa, hozirda raqobatbardoshlik yetarli darajada emasligining asosiy sababi ham aynan ishlab chiqarishning sifatiga bog‘liq”.
Quruq mevalar tayyorlash va eksport qilish sohasidagi “Yo‘l xaritasi” hamda davlat-xususiy hamkorlik platformasini ishlab chiqish ishlari endigina boshlandi. Bu borada Qishloq xo‘jaligi vazirligi, manfaatdor tashkilotlari, biznes vakillari, fermerlar, shuningdek ilmiy muassasalar birgalikda ish yuritishga kelishib oldilar.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: