Turli davlat tashkilotlari vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi agrar sohada ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish borasida Italiya tajribasini o‘rganish va manfaatli hamkorlik o‘rnatish maqsadida Italiyaga tashrif buyurdi.
Safar davomida O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi, Bosh prokuratura, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Toshkent davlat agrar universiteti hamda Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti vakillaridan iborat delegatsiya a’zolari Italiya Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat suvereniteti va o‘rmonchilik vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida ilmiy tadqiqotlar va iqtisodiy tahlil kengashi (CREA) faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Kengash bosh direktori Stefano Vakkari joriy yil sentyabr oyi boshida Samarqandda bo‘lib o‘tgan Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya muvaffaqiyatli o‘tkazilganini va anjuman ahamiyatini alohida ta’kidladi. «Iqlim o‘zgarishi va boshqa global muammolarga yechim qidirish maqsadida ikki davlat agrar tizimlari o‘rtasida ilmiy tadqiqotlarni kuchaytirish muhim», – dedi Stefano Vakkari.
Mamlakatimiz vakillari, shuningdek, ushbu kengashning Latsio hududida joylashgan Uzumchilik va eneologiya ilmiy tadqiqot markazida bo‘lib, hudud iqlimiga mos uzum navlarini saqlab qolish borasida olib borilayotgan ishlarni o‘rgandi.
Tashrif davomida Viterbo shahrida joylashgan mamlakat qishloq xo‘jaligidagi yetakchi oliy ta’lim dargohi Tushia universitetida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur universitet 8 mingdan ziyod talabalarga qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, o‘rmonchilik, ekologiya, biologiya fanlari va agroturizm yo‘nalishlarida ta’lim beradi.
Muzokaralar yakunida Toshkent xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti va Tushia universiteti o‘rtasida agrar ta’lim sohasida hamkorlik to‘g‘risida anglashuv Memorandumi imzolandi. Tomonlar yaqin davr ichida xalqaro ta’lim dasturlari doirasida qo‘shma loyiha ishlab chiqishga kelishdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi, shuningdek, Piza universitetida ham uchrashuvlar o‘tkazib, oziq-ovqat sohasida kadrlar tayyorlash borasida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.
Delegatsiya a’zolarida Italiyaning Emilya-Romanya hududida joylashgan «ART-ER» klasteri faoliyati katta qiziqish uyg‘otdi. Ushbu klaster 42 ta kompaniya, 24 ta ilmiy ishlab chiqarish korxonalari va 3 ta universitet faoliyatini muvofiqlashtirib, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasining turli yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi.
Safar davomida mamlakatimiz vakillari BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) qarorgohida ham bo‘lishdi. FAO o‘simliklar va ularning himoyasi departamenti rahbari o‘rinbosari Chikelu Mba va boshqa xorijiy ekspertlar bilan iqlim o‘zgarishi oqibatida qishloq xo‘jaligiga tahdidlarni bartaraf etish yuzasidan fikr almashishdi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: