Poytaxtimizdagi Xalqaro Vestminster universitetida “Siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirish uchun monitoring va baholash ma’lumotlaridan foydalanishning ahamiyati” mavzusida oliy bo‘g‘in (jumladan oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasining) rahbarlari uchun seminar trening o‘tkazildi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi va Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi (ISCAD) tomonidan tashkil qilingan bo‘lib, Global baholash tashabbusining monitoring va baholash bo‘yicha ekspertlarining 18-iyundan 27-iyungacha davrdagi missiyasi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Seminarda jarayon bilan umumiy tanishtirish maqsadida Global baholash tashabbusi (GBT) vakili Yan Goldman ma’ruza qilib Global baholash tashabbusining maqsad va vazifalari, shuningdek O‘zbekistondagi missiyasi haqida batafsil so‘zlab berdi.
Global baholash tashabbusi (GBT) vakili Yan Goldman:
– Agentlik mendan bu yerga kelib, baholash ishlarida yordam berishimni so‘radi. Biz O‘zbekistondagi baholash tizimlarini va rivojlanish natijalarini yaxshilash masalalarini ko‘rib chiqamiz. Bugungi kunda tashkil etilayotgan treninglar malakali menejerlarga o‘z vazifalarini to‘liq tushunishlariga yordam beradi. Ular to‘g‘ri qaror qabul qilish uchun dalillar va baholash tizimi qanchalik muhimligini tushunishlari zarur.
Biz qishloq xo‘jaligi sohasi misolida ko‘rib chiqmoqdamiz, lekin bu barcha sohalarga tegishli, qishloq xo‘jaligi sektori esa alohida misoldir.
Shuningdek, seminar davomida Pokiston Iqtisodiy tadqiqotlar markazi (CERP) vakili Amna Oqil “Monitoring va baholashning roli” mavzusida chiqish qildi.
Bundan tashqari, seminarda “Siyosiy sikldagi ko‘rsatmalar”, “Janubiy Afrika misolida milliy monitoring va baholash tizimi” kabi mavzularga bag‘ishlangan sessiyalar o‘tkazildi. O‘zbekiston va Pokiston misolida monitoring va baholash tizimining mohiyati, maqsadlari va vazifalari ko‘rib chiqildi.
Pokiston Iqtisodiy taqiqotlar markazi (CERP) vakili Amna Oqil:
Men global baholash tashabbusi doirasida Pokiston va Markaziy Osiyo mintaqasi tadqiqotlari markazida ishlayman. Bizning jamoamiz milliy baholash tizimlarini yaratish va ularni amaliyotga joriy qilish bilan shug‘ullanadi. Biz bu yerda agentlik so‘rovi bilan o‘z vazifamizni bajaryapmiz. Hozirda to‘ldirilishi kerak bo‘lgan bo‘shliqlar bor. Biroq biz umid qilamizki, barchaning manfaatlarini birlashtirgan holda yagona tizim yo‘lida hamkorlikda ishlay olamiz.
Sessiyalardan keyingi muhokamalarda Global baholash tashabbusi missiyasi vakillari va seminar qatnashchilari o‘zaro fikr va tajriba almashdilar hamda interaktiv shaklda O‘zbekistonda milliy monitoring va baholash tizimi qo‘shishi mumkin bo‘lgan hissasi muhokama etildi.
Mazkur seminar Global baholash tashabbusi missiyasining O‘zbekistondagi tashrif davomida mamlakatdagi asosiy davlat hamda jamoat tashkilotlari bilan ko‘plab uchrashuvlar ham o‘tkazishni rejalashtirgan.
Ma’lumot uchun. Global baholash tashabbusi (Global Evaluation Initiative) – bu rivojlanayotgan mamlakatlarda monitoring, baholash va faktik ma’lumotlardan foydalanish tizimlarini kuchaytirishni qo‘llab-quvvatlashda ko‘mak beruvchi tashkilotlar va ekspertlarning global koalitsiyasi bo‘lib, missiyadan ko‘zlangan maqsad – milliy rejalar va dasturlarni monitoring qilish va baholash tizimini takomillashtirishga ko‘maklashishdan iborat.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: