Kuni kecha O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov Eronning “MIMAS DAIRY” kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi Abbos Salimiyon boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida yurtimizda sut mahsulotlarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan korxona hamda chorva ozuqasi yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaligini tashkil etish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi. Kompaniya vakillari tomonidan Angren EIHda sut mahsulotlarini ishlab chiqarish fabrikasi tashkil etish hamda Ohangaron tumanida chorva uchun ozuqa mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha qiziqish bildirildi va ish boshlash uchun mo‘ljallangan yer maydonlarining holati joyiga borib o‘rganildi. Shuningdek, Ohangaron tumani hokimligi rahbariyati bilan ham muzokaralar o‘tkazilib, mavjud yer maydonlari haqida atroflicha ma’lumot almashildi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, delegatsiya a’zolari yurtimizga tashrifning birinchi kunida Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan yirik savdo do‘konlari faoliyati va sut mahsulotlari turlari bilan yaqindan tanishgan edi.
Kompaniya vakillari uchrashuvlar yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston bozorini o‘rganish maqsadida dastlab, yirik savdo do‘konlari bilan hamkorlikda Toshkent shahrida sotuvni yo‘lga qo‘yish va yil yakuniga ko‘ra investitsiya loyihasini ishlab chiqish taklifini bildirdi.
Ma’lumot uchun: “Mimas Dairy So.” kompaniyasi 1972-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Eronda sut va sut mahsulotlari, jumladan yogurt, qaymoq, ayron, qatiq, pishloq, jele, panakota, desertlar, karamel, turli tabiiy sharbatlar ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi o‘rinni egallaydi. Kompaniya mahsulotlari O‘rta va Yaqin Sharq mamlakatlariga keng eksport qilinadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: