Bugun mamlakatimizda qishloq xo‘jaligiga, xususan bu soha bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan oziq-ovqat xavfsizligiga eʼtibor borgan sari ortmoqda. Aholini sifatli va xavfsiz go‘sht, sut mahsulotlari bilan taʼminlayotgan chorvachilik yo‘nalishida ham tadbirkor va chorvadorlarga davlatimiz tomonidan imkoniyat va imtiyozlar hamda qator subsidiya va kreditlar ajratilmoqda. Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanidagi “Ahmadiy” fermer xo‘jaligi vakillari ham bugun ushbu imtiyozlardan foydalanib, aholi dasturxonini to‘kin qilishga va agrar soha rivojiga o‘z hissasini qo‘shayotgan yurtdoshlarimizdan. Lavhamizda ushbu fermer xo‘jaligining faoliyatiga va unga berilayotgan imtiyozlarga nazar tashlaymiz.
1992-yilda yaxshi niyatlar bilan ish boshlagan “Ahmadiy” fermer xo‘jaligining 3 gektar yer maydoniga atigi 15 bosh qoramol olib kelinib, parvarish qila boshlangandi.
Bu ishning oz bo‘lsa-da, hadisini olgan fermer xoְ‘jaligi rahbari 2005-yilga kelib yer maydonini 32 gektarga kengaytirdi, shunga yarasha qoramollar soni ham 134 boshga yetkazildi.
Imkoniyatlar kengaygani sayin orzu-maqsadlar ham ortib boraveradi. 2016-yilga kelib, fermer xo‘jaligiga chorvachilikni rivojlantirish uchun Germaniyadan 64 bosh qoramol olib kelindi. Albatta, mollarni o‘zimizning tabiiy iqlim sharoitimizga, fermalarimizga moslashtirish jarayonlari samarali va kutilganidek o‘tayotganini ko‘rgan fermer xo‘jaligi 2019-yilda yana 32 bosh chorva moli olib kelindi. Albatta, fermer xo‘jaligi vakillari bu imkoniyatlar bilan cheklanib qolmadi. 2022-yilda yana 64 bosh qoramol olib kelinib, parvarish qilinmoqda.
Fermer xo‘jaligi sifatli go‘sht va sutni qayta ishlashda hamda aholi dasturxoniga tortishda ishonchli tadbirkorlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Ayniqsa, poytaxtliklar ushbu fermer xo‘jaligining go‘sht va sut mahsulotlaridan bahramand bo‘lishmoqda. Fermer xo‘jaligi sutni qayta ishlashga mo‘ljallangan korxona tashkil etish niyatida.
To‘g‘ri, bugun mamlakatimizda chorva mollarini ko‘paytirish va fermer xo‘jaliklari bunyod etish borasida ko‘plab imtiyozlar berilmoqda, ishlar amalga oshirilmoqda. Ammo bu sohaning mashaqqatini ham unda ter to‘kib, zahmat chekayotgan xodimlar juda yaxshi bilishadi. Mehnat qilsang, rohatini ko‘rasan deb bejizga aytishmaydi axir.
Garchi fermer xo‘jaligining tashkil topishi va bugungi yutuqli natijalarga erishishida uch nafar aka-ukalarning hissasi bisyor bo‘lsa-da, ammo bu yerda ishlayotgan 40 nafardan ortiq xodimlarning ham mehnatini eʼtirof etmaslikning iloji yo‘q. Veterinar shifokordan tortib, sut sog‘uvchiga bu fermer xo‘jaligida ishchilarga yaratilgan shart-sharoitlardan mamnun holda ishlamoqda, daromad topishmoqda.
Shuningdek, fermer xo‘jaligida chorva mollarini sog‘lom parvarishlanishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Jumladan, mollar saqlanadigan joylar havo aylanishga qulaylashtirilgan bo‘lib, qishning ayozi va yozning saratoni ham ularga o‘z salbiy taʼsirini ko‘rsata olmaydi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: