Ohangaron shahrida chorvachilik sohasini iqlim o‘zgarishiga moslashtirish va sut mahsulotlari ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni maqsad qilgan Innovatsion guruh o‘z faoliyatini boshladi.
Ushbu tashabbus Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan, BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) hamda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining hamkorlikdagi “Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektorining “yashil iqtisodiyot”ga inklyuziv o‘tishini qo‘llab quvvatlash va iqlimga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligi bilimlari va innovatsion tizimini rivojlantirish (EU-AGRIN)” loyihasi doirasida moliyalashtirilib, amalga oshiriladi.
Tadbirda Bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Mahkamova, Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi Hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Vim Riepma, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili vazifasini vaqtincha bajaruvchi Anas Fayyad Qarman va bir guruh mahalliy jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Asosiy faoliyati chorvachilikni iqlim o‘zgarishiga moslashtirish va sut mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan innovatsion guruhni O‘zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi boshqaradi.
Adiba Ahmadjonova O‘zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi raisi:
“Bugungi kunda har qanday sohaga innovatsion texnologiyalarning kirib kelishi judayam muhim. Uskunalarimiz bir kunda 200 litr sutni qayta ishlaydi. Biz buni 3-4 barobar ko‘paytirib, bir kunda 600-800 litr sutni qayta ishlash imkoniyatiga egamiz. Hozircha, bizda 5-6 xil mahsulot ishlab chiqarilmoqda, keyinchalik bu mahsulotlar sonini ko‘paytirish niyatimiz ham bor. Bundan tashqari biz echki sutini ham qayta ishlamoqchimiz. Global iqlim o‘zgarishi sharoitida chorvachilikni shunga moslashimiz kerak. 50° havoda chorva mollarimizning sog‘ligini saqlashimiz va ulardan sut ham olishimiz kerak. Buning uchun biz hozirda sovutkichli bostirma olib kelishni rejalashtirmoqchimiz. Bundan tashqari chorva mollarining mahsuldorligi yetarli bo‘lishi uchun ozuqa yetarli bo‘lishi kerak. Ozuqadan samarali foydalanish uchun mini mikser ishga tushirilyapti.”
Guruh tarkibi chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti, Toshkent davlat agrar universiteti, Zangiota agrotexnologiyalar texnikumi, Toshkent viloyat Agroxizmatlar markazi (AKIS)ning yetuk mutaxassislari hamda Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi mahalliy fermer va shaxsiy tomorqa xo’jaliklari rahbarlaridan tashkil topgan.
Atham Malikov “Agrar soha ayollari” uyushmasi texnologi:
“Sutni kechqurun qabul qilib olganimizdan so‘ng, muzlatkichga qo‘yiladi. Ertalabdan esa, vaqtli ish jarayoni boshlanadi, ya’ni sutni pishirish. Sutni kerakli haroratda pishirib olganimizdan so‘ng, mahsulotlarni taqsimot qilamiz. Oldinlari uy xo‘jaliklarida sutni pishirmasdan mahsulotlar ishlab chiqarilar edi. Hozirgi kunga kelib esa, yangi olib kelingan uskunalar tufayli sut mahsulotlarini pishirgan holda tayyor mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Bizda 5-6 xil mahsulotlarimiz mavjud. Separator uskunamiz sutdagi yog‘ning ma’lum qismini ajratib oladi. Biz asosan belgilangan standartlar asosida faoliyat olib boramiz. Yog‘sizlantirilgan tvorog, qaymoq, yog‘siz brinza ishlab chiqaramiz. Bizning uskunalarimiz Turkiyadan olib kelingan”.
Ushbu innovatsion guruh fermer va shaxsiy yordamchi xo‘jaliklarida zamonaviy va innovatsion sut qoramolchiligini tashkil etishda ilm-fan va ishlab chiqarishni integratsiyalash, ilmiy asosda kompleks yondashuv orqali samaradorlikni oshirish, sohani iqlim o‘zgarishiga bo‘lgan salbiy ta’sirini kamaytirish va iqlim o‘zgarishini chorva mollariga bo‘lgan salbiy ta’sirini yumshatish, qishloq joylarida sanoat usulida sutni qayta ishlashda qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratish, aholining turmush farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi. O‘z faoliyati davomida quyidagi innovatsiyalar joriy etiladi: “mini-mikser”ni ishlatish orqali mavjud ozuqalardan samarali foydalaniladi, yangi ozuqa navi sinaladi, qoramollarga iqlim o‘zgarishi ta‘sirini yumshatish uchun zamonaviy “sovutgichli-naves”lar o‘rnatiladi, kasallikni erta aniqlashda maxsus usul qo‘llaniladi, qoramol chiqindilaridan samarali foydalanilib, ekologiyaga salbiy ta’sirinikamaytirishga yo‘naltirilgan innovatsion kompostlar tayyorlanadi, shuningdek uy sharoitidazamonaviy uskuna va jihozlar yordamida sutni qayta ishlash tashkil etiladi.
Vim Riepma Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi Hamkorlik bo‘limi boshlig‘i:
“Biz sutni qayta ishlash va sut mahsulotlari ishlab chiqarish uchun mini-uskunalar o‘rnatilgan xonadonga keldik. Ushbu loyiha oilalarning ko‘proq daromad olishi va qo‘shimcha qiymatli mahsulot ishlab chiqarishiga ko‘maklashishga qaratilgan. Bu uskuna ushbu mintaqa va hududdagi odamlarga o‘z mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash, sotish va daromadni oshirishda yordam beradi. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan bir qancha loyihalarimiz bor. Ularning hammasi O‘zbekistondagi oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning daromadini oshirishga yo‘naltirilgan. Hozirgi kunda biz O‘zbekistonda chorvachilik sohasida ham loyihalar amalga oshiryapmiz. Asosan fermer xo‘jaliklarini yashil texnologiyalarga sarmoya kiritishiga undaymiz. Bu orqali biz iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini bartaraf etamiz, shuningdek suvdan tejamkorlik bilan foydalanishni yo‘lga qo‘yamiz. Bundan tashqari, bizning suv masalalari hamda energetika masalalari bo‘yicha ham Farg‘ona vodiysida bir nechta loyihalarimiz mavjud. Bu loyihalarimiz bevosita irrigatsiyani yaxshilashga qaratilgan. Umuman olganda, bu loyihalar O‘zbekistonning kelajagi hamda farovonligi yo‘lida, shuningdek mahalliy aholini iqtisodiy jihatdan mustaqil bo‘lishiga qaratilgan loyihalar desak yanglishmagan bo‘lamiz”.
EU-AGRIN loyihasi tomonidan taqdim etilgan laboratoriya va qishloq xo‘jaligi uskunalari, msalan, vertikal sutni sovutish tanklari, ultratovushli sut analizatorlari, moyjuvozlar, sut separatorlari, alyuminiy sut idishlari, pishloq qoliplari, vakumli qadoqlash mashinalari, sog‘ish mashinalaridan oldin va keyin yelin so‘rg‘ichlarini dezinfektsiyalash uchun mo‘ljallangan vannalar, ko‘chma sog‘ish apparatlari, sut chorvachiligi uchun mo‘ljallangan rezina matraslar, tokchali ishlab chiqarish stollari, sigirlarda mastitni aniqlash detektorlari, sanoat muzlatgichlari va boshqa zarur laboratoriya jihozlari Ohangaron tumanidagi Innovatsion guruh tomonidan sinchkovlik bilan tanlab olingan 5 ta shaxsiy tomorqa xo‘jaligiga muvaffaqiyatli o‘rnatildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: