Qo‘ziqorin inson salomatligi uchun koni foyda mahsulotlardan biri hisoblanadi. Bugun mamlakatimizda qo‘ziqorin nafaqat foydaliligi, balki yaxshigina daromad manbai bo‘lgani uchun ham yetishtirilmoqda. Kamxarajat, ortiqcha mehnat va ishchi kuchi talab qilmaydigan qo‘ziqorin butun yil davomida hosil berishi va daromadga daromad qo‘shishi bilan ham ahamiyatlidir.
Buxoro viloyatining Romitan tumani “G‘azberon” mahallasida istiqomat qilib kelayotgan Zavqiddin G‘aniyev bugun qo‘ziqorin yetishtirishning hadisini olganlardan desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.
Zavqiddin G‘aniyev bundan oldin ham bir qancha tadbirkorlik turlari bilan shug‘ullanib ko‘rdi. Ammo navbat qo‘ziqoringa kelganida, buning haqiqiy zavqini va daromadini ko‘rib, unga mehr qo‘ydi. Unga qo‘ziqorin yetishtirish bo‘yicha imtiyozli kredit ajratildi va bu tadbirkorlik ortidan mahalladagi 5 nafar ishsiz fuqarolar ish bilan ta’minlandi. Darvoqe, qo‘ziqorin yetishtirish uchun unchalik katta maydon ham kerak emas. Kichik xonada qo‘ziqorin yetishtirishni boshlagan ishbilarmon bugun ushbu tadbirkorlik ortidan mo‘maygina daromad topmoqda. Yaxshigina daromad topayotgan tadbirkor qo‘ziqorinni yetishtirib, boshqa havaskor tadbirkorlarga ham buning yo‘l-yo‘rig‘ini o‘rgatmoqda. Shuningdek, o‘zi ekkan qo‘ziqorinlardan ularga tarqatib, tayyor hosilni yana qayta o‘zi sotib oladi. Qarabsizki, bu tadbirkorlikning ortidan nafaqat uning o‘zi, balki qo‘ziqorinlarni olib, yetishtirgan boshqa tadbirkorlar ham foyda topishmoqda. Yetishtirilgan mahsulotga esa nafaqat Buxoroning o‘zidan, balki qo‘shni viloyatlardan ham mijozlar talaygina.
Shu o‘rinda, yil bo‘yi hosil beradigan, kamxarajat mahsulot —qo‘ziqorinlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarga to‘xtalsak. Dunyoda qo‘ziqorinlarning 100 mingdan ortiq turi mavjud. O‘zbekistonda 100 dan ortiq turi o‘sadi. Shundan atigi 25 turigina isteʼmolga yaroqli hisoblanadi. Ularni quritilgan, qaynatilgan, qovurilgan, tuzlangan, marinadlangan ko‘rinishda isteʼmol qilish mumkin. Qo‘ziqorinlar vitaminlar, oqsil hamda maʼdanli moddalarga boydir. U qon tomirlari devorlarini mustahkamlaydi, undagi xolestirin miqdorini kamaytiradi.
Qo‘ziqorinchilikning foydali va daromadli ekanini bilgan tadbirkorlar esa bugun uning ortidan kutilgan natijalarga erishmoqdalar.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: