AQSHda o‘tgan xalqaro “ESRI User Conferense”da Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining geoportali alohida taqdirlandi.
Mamlakatimiz Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan sohani raqamlashtirishda erishilgan yutuqlar sohaning xalqaro standartlarga muvofiq rivojlanishini ta’minlaydi. Bu borada vazirlik Geoaxborot texnologiyalari sohasida xizmatlarni rivojlantirish boshqarmasi va vazirlik huzuridagi Agrosanoatni raqamlashtirish markazi olib borayotgan ishlar diqqatga sazovordir.
Xususan, vazirlik mutaxassislari sa’y-harakatlari bilan bugungi kunda Geoportal ochiq foydalanishda taqdim etilgan. Unda qishloq xo‘jaligi yerlari bilan bog’liq barcha fazoviy ma’lumotlar, hududlardagi yerdan foydalanuvchilar, yer chegaralari, konturlar va ekinlar yaqqol aks etgan. Geoportal tuproq va ekinlar monitoringini zamonaviy shaklda yuritish imkonini beradi: unda kosmik suratlarning tahlillari bo‘yicha ekinlar vegetatsiyasi, tuproq va o‘simlik namligi, o‘simlikdagi azot miqdori kabi ma’lumotlar mavjud bo‘lib, elektron maʼlumotlar almashinuvi doirasida qator vazirlik va idoralar, tizim tashkilotlarning maʼlumotlari uzluksiz aks ettiriladi va yangilanib boradi.
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish borasidagi samarali faoliyat nafaqat mahalliy ishlab chiqaruvchilar, ekspertlar doirasida, balki xalqaro miqyosda ham e’tirofga sazovor bo‘lgani bu boradagi ishlar yuksak xalqaro standartlar asosida amalga oshirilayotganiga dalolat qiladi.
“Environmental Systems Research Institute (ESRI)” kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan “ESRI User Conferense” – ESRI dasturlaridan foydalanuvchilarning navbatdagi xalqaro konferensiyasi doirasida 2023-yilgi GAT sohasidagi yutuqlari bilan taqdirlangan loyihalar qatorida Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining geoportali ham bo‘lganligi fikrimiz isbotidir.
Ma’lumot uchun: “Environmental Systems Research Institute (ESRI)” kompaniyasiga 1969-yilda asos solingan bo‘lib, geografik axborot tizimlari – GAT, geolokatsiya va kartografiya dasturiy ta’minoti sohasida jahon bozorida yetakchi hisoblanadi. Kompaniya butun dunyo bo‘ylab 49 ta ofisi, 11 ta ilmiy-tadqiqot markazi va 300 mingdan ortiq foydalanuvchilarga ega.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: