Barchamiz xoh ishda, xoh boshqa bir jarayonda bo‘lsin, hayotimiz davomida bir necha marotaba noxush, ziddiyatli holatlarga duch kelamiz. Xo‘sh, bunday vaziyatlarda nima qilish kerak? Qanday qilib, ishxonada ham, oilada ham stressga tushmasdan sog‘lom turmush tarziga rioya etishimiz lozim?
Toshkent davlat agrar universitetining «Axborot-resurs markazi»da bo‘lib o‘tgan «Stress profilaktikasi» mavzuidagi seminar-trening ham aynan ushbu salbiy oqibatlarni bartaraf etishga bir imkoniyat bo‘ldi desak xato bo‘lmaydi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligining asosan yosh mutaxassislari ishtirokida bo‘lib o‘tgan treningni tajribali amaliyotchi psixolog Ergash Ismoilov olib bordi.
Dastlab mavzuni tushunish va uni anglash uchun psixolog har bir ishtirokchiga «Eng baxtli kuningiz qaysi?» deya savol bilan murojaat etdi. Kimdir ota, ona bo‘lgan kunini, yana ayrimlar talaba bo‘lganini va baʼzilar ota-onasining duosini olishni baxt deya hisoblashini taʼkidlagach, mutaxassis insondagi baxtli va tushkunlik holatlari bo‘yicha ilmiy asoslangan tushunchalar berib o‘tdi.
— Stress bu juda ko‘p yillardan beri hattoki, o‘sha aynan psixolog bo‘lmagan insonlar tarafidan ham taʼkidlanib kelinayotgan bir atama desak ham bo‘ladi. Lekin xohlasak-xohlamasak bu holat bor va undan cho‘chish shart emas. Aynan shu stressdan chiqishni yo‘llari, ish jarayonida qanday qilib o‘zining kayfiyatini ko‘tarish, bunday noxush holatdan tezda chiqib ketish yo‘llari aytib o‘tildi va bundan tashqari uning oqibatlari, bundan chiqish uchun xodimlar nimalarga eʼtibor berishi kerak? Ishtirokchilarning kun tartiblarini tinglab, qaysiki ko‘zgu sifatida qisqacha o‘zlariga namoyon etdik. Vazirlik xodimlari ushbu mavzudan o‘zlariga kerakli xulosani oldilar va bu seminar trening ularning kelgusi faoliyatlarini yanada samarali bo‘lishiga yordam beradi deb o‘ylaymiz,— deya taʼkidlab o‘tdi psixolog Ergash Islomov seminar haqida to‘xtalib.
Biz insonlar doim atrofimizda sodir bo‘layotgan yaxshi va yomon voqealarga o‘z taʼsir munosabatimizni namoyon etamiz. Yaxshi voqealar yoki noxushliklar qarshisida ham inson psixologik jarayon — stressga tushishi tabiiy. Stress insonda tanglik, zo‘riqish, ruhiy bosim, noqulaylik hislarini uyg‘otadi. Bunday noxushliklar esa insonni faol turmush tarziga, ish-faoliyatiga salbiy taʼsirini o‘tkazmay qolmaydi.
Dilrabo Mamajonova, Qishloq xo‘jaligi vazirligi Mexanizatsiya va agrokimyo boshqarmasi mutaxassisi:
«Ushbu seminar-treningni o‘tkazilishidan maqsad xodimlarning salohiyatini oshirish, ish unumdorligi samarasini kuchaytirishdan iborat edi deb o‘ylayman. Ushbu treningda o‘zim ham qatnashdim va katta taassurotlar oldim. Bugungi treningda olgan bilimlarimdan kelib chiqib, o‘z kamchiliklarimni bartaraf etaman. Yaʼni bugungi mavzuni eshitib, o‘zimning yanada to‘g‘rilash mumkin bo‘lgan ayrim kamchiliklarim borligini his qildim. Ularni to‘g‘rilash esa insonning ish qobiliyatiga ham ijobiy taʼsir etadi deb o‘ylayman».
Seminar-treningda vazirlikning aynan yosh mutaxassislarini ishtirok etgani ham bejiz emas. Sababi, yoshlar barcha jabhada o‘z imkoniyatlarini namoyon etayotgan va kelgusida har bir sohani yuksak cho‘qqilarga olib chiqadigan mutaxassislardir. Ushbu seminar-treningda ishtirok etayotgan yoshlar ham «Stress profilaktikasi» insonning maʼnan va kasbda erishishi mumkin bo‘lgan yutuqlarning kaliti ekanligini tushunib yetdilar.
Tadbir ishtirokchisi Abduqodir Umarov ham mavzudan chiqargan xulosasi bilan o‘rtoqlashdi:
— Bunday seminar-treninglarda birinchi marotaba qatnashdim. Har bir korxona, tashkilot faoliyatida turli keskin vaziyatlar vujudga kelib turishi bu tabiiy hol hisoblanadi. Bunday vaziyatlar esa albatta, stresslarni keltirib chiqaradi. Xodimdagi noxushlik korxona yoki tashkilotning faoliyatiga salbiy taʼsir ko‘rsatmasligi uchun u stressdan oson chiqib ketishni, uni oson yengib o‘tishni bilishi judayam muhim hisoblanadi. Bugungi tadbirda ushbu mavzuda ko‘pgina qiziqarli maʼlumotlar berildi. Ish faoliyatimizda bu ko‘rsatma va tavsiyalarni albatta, sinab ko‘ramiz deb o‘ylayman.
Qiziqarli o‘yin va savol-javoblarga boy tarzda o‘tgan seminar-treningdan olingan xulosalar, mulohazalar kelgusida har bir ishtirokchining muvaffaqiyatli faoliyatida asqotadi deb o‘ylaymiz.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: