Bugungi qishloq xo‘jaligi zamonaviylik va muvaffaqiyatlar bilan hamnafas ildamlamoqda. Ayniqsa, sohaga tadbiq etilayotgan zamonaviy texnikalar fermer va dehqon xo‘jaliklarining ishini ming chandon osonlashtirmoqda, yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti (QXMITI)ning moddiy-texnika bazasini tubdan yangilash va mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar ham mana shu imkoniyatlardan foydalanishga intilish desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Jumladan, BMT va Jahon bankining “Rivojlanish va atrof-muhit bo‘yicha dasturlari” doirasida faoliyat yuritadigan Global ekologik jamg‘armaning kichik grantlar dasturi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, qishloq xo‘jaligi uchun tuproqni himoyalovchi yangi texnika va texnologiyalarni O‘zbekiston fermerlari o‘rtasida keng joriy etish maqsadida loyiha ishlab chiqildi.
Uning ilk amaliyoti sifatida Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti (QXMITI)ga 50 ming AQSh dollari qiymatidagi zamonaviy dastgohlar va asbob-uskunalar jamlanmasi olib kelindi. Endilikda institutda qishloq xo‘jaligi uchun tuproqni himoyalovchi va boshqa yangi vositalarni ishlab chiqaradigan kichik majmua faoliyatini yo‘lga qo‘yish imkoniyati yaratildi. Bu esa, ushbu texnika vositalarining so‘nggi 30 yildagi dastlabki yangilanishi bo‘ldi.
Ushbu zamonaviy dastgohlar va asbob-uskunalar jamlanmasi institut olimlari tomonidan yaratilgan yangi ishlanmalarni tijoratlashtirish hamda respublikamizning dehqon-fermerlariga yetkazib berishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: