O‘zR Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Anvar Asamov boshchiligidagi ishchi guruhi Xorazm viloyatida agrologistika komplekslari va qayta ishlash loyihalarini tashkil etish ishlarini o‘rgandi. Ishchi guruhining maqsadi agrologistika markazlari va mahsulotlarni qayta ishlash loyihalarini joylarga chiqib o‘rganish, tahlil qilish, mavjud muammolarni aniqlash va bartaraf etishdan iborat.
XMIlar ishtirokida qurilishi rejalashtirilgan agrologistika komplekslari va mahsulotlarni qayta ishlash loyihalariga ajratilgan yer maydonlarining joylashuvi, elektr, gaz, suv tarmoqlari hamda temiryo‘l va avtomobil yo‘llari infratuzilmasi o‘rganilib, zarur taklif va xulosalar berildi.
Aniqlanishicha, Xorazm viloyatida 2022-yilda 242,2 mlrd so‘mlik 45 ta oziq-ovqat korxonasi hamda 33,6 mlrd so‘mlik 12 ta zamonaviy sovutkichli omborxona loyihalarini ishga tushirish rejalashtirilgan. O‘rganishlar natijasida ishchi guruhi tomonidan korxonalarga subsidiya ajratish bo‘yicha yo‘l xaritasi tuzildi.
Shuningdek, 2022-2023-yillarda qurilishi hamda ishga tushirilishi rejalashtirilgan agrologistika komplekslarining manzilli dasturi, aniq muddatlari ko‘rsatilgan tarmoq jadvallarini ishlab chiqish va tasdiqlash belgilab olindi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: