Bugun “O‘zimning ham, xalqimning ham ro‘zg‘ori but, dasturxonlarimiz to‘kin bo‘lsin”, – deya niyat qilib dalaga kirgan dehqon, fermer xo‘jaligi rahbarlarining ishlari o‘ngidan kelayotganini, hosiliga hosil qo‘shilayotganini ko‘ryapmiz, ularning yutuqlariga amin bo‘lyapmiz.
Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi “Nurmonova Xurshida” fermer xo‘jaligi a’zolari ham mana shunday ezgu maqsadni diliga tugib, yerga urug‘ qadaganlardan. Tashkil etilganiga unchalik ko‘p bo‘lmagan bo‘lsa-da, fermer xo‘jaligi hozirda yetishtirgan mahsuloti bilan nafaqat qishloq xo‘jaligining rivojiga, balki mahalliy bozorlarning to‘kinligiga ham o‘z hissasini qo‘shmoqda.
“Nurmonova Xurshida” fermer xo‘jaligi 2019-yilda o‘z faoliyatini boshlagan. Hozirda fermer xo‘jaligining 18 gektar yer maydonida turli sabzavot ekinlari ekilmoqda. Xususan, 3 gektar yer maydoniga ertapishar piyoz ekildi. Shuningdek, 3 gektar maydonga ekilgan sarimsoqdan mo‘l hosil olinib, eksportga yuborish arafasida.
Ishning ko‘zini bilgan fermerning bir qarich yeri ham bo‘sh qolmayapdi. 5 gektarlik maydon “Lajain” navli pomidorga ajratildi. Ushbu nav suvsizlikka chidamli, yuqori hosildorligi bilan ajralib turadi. Shuningdek, fermer xo‘jaligi Gollandiyaning “Evolyushn”, “Arizona” navli kartoshkalarini ham sinov tariqasida ekdi. Ushbu kartoshka navi mamlakatimizning tuproq iqlim sharoitiga mosligi va yuqori hosildorligi bilan ajralib turadi.
Bugun fermer xo‘jaliklari va tadbirkorlar ishlab chiqarish, mahsulot yetishtirish bilan kifoyalanmay, balki aholini ish bilan taʼminlab, daromadlarining oshishiga o‘z hissalarini qo‘shishmoqda. “Nurmonova Xurshida” fermer xo‘jaligida ham 3 nafar doimiy, 55 ta mavsumiy ishchilar ishlamoqda.
Darvoqe, ushbu fermer xo‘jaligi 180 metr chuqurlikdan artezian quduq kavlatib, ekinlarni sug‘ormoqda. Zamon bilan hamnafas bo‘lishga intilayotgan fermer xo‘jaligi rejalarida zamonaviy sug‘orish uskunalaridan foydalanish ham bor. Shuningdek, yerni bo‘sh qo‘ymasdan birinchi hosil yig‘ib olingach, takroriy ekin sifatida brokkoli karamini ekish ham ko‘zda tutilgan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: