So‘nggi yillarda mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasida Yaponiya bilan o‘zaro hamkorlik sezilarli darajada rivojlanmoqda. Bu boradagi hamkorlikni mustahkamlash, shu jumladan, ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish orqali yerdan foydalanuvchilar, klaster va dehqon fermer xo‘jaliklari faoliyatlarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalar tuzilmoqda. Ushbu hamkorlikda esa ilm va amaliyotning uyg‘unlashuvi muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Toshkent davlat agrar universitetida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekistonda yuqori konsentratli fulvo kislotadan foydalangan holda qishloq xo‘jaligi yerlarini yaxshilash texnologiyasi” mavzusidagi seminar ham agrar sohadagi ikki tomonlama hamkorlikning bir ko‘rinishi desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.
Seminarda Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti direktori Shuhrat Bobomurodov hamda Yaponiya davlatining “Japan Conservation Engineers & Co. LTD” kompaniyasi menejeri Yoshida Kazuyo, tuproq bo‘yicha maslahatchi Akiyama Nanako va vazirlikning boshqarma boshliqlari hamda respublikamizdagi fermer xo‘jaliklari vakillari ishtirok etishdi.
Shuni aytish joizki, hozirda nafaqat mamlakatimizda, balki butun dunyoda xavfsiz va sifatli oziq-ovqat zanjirini yaratish muhim masalaga aylangan. Bu esa, ekin ekish uchun yerni tayyorlashdan tortib, toki uni mahsulot holida aholi isteʼmoliga tortiq qilishgacha bo‘lgan barcha jarayonni o‘z ichiga oladi. Ayni vaqtda Institut olimlari hamda “Japan Conservation Engineers & Co. LTD” kompaniyasi qo‘shma loyihasi doirasida respublikamizning Jizzax, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining pilot ekin maydonlarida “Fujimin” suyuq bioo‘g‘itini turli tuproq sharoitida, har xil ekin turida qo‘llash uchun sinovdan o‘tkazish borasida ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Ushbu vosita nafaqat tuproqning xossa-xususiyatlarini yaxshilaydi, balki o‘simlikni yaxshi rivojlantirib, hosildorlikni oshiradi. Albatta, hozircha sinov tariqasida foydalanilayotgan biovositaning qo‘llanilishi birdaniga yarq etgan natijani ko‘rsatmasligi mumkin. Eng muhimi, tadqiqotlar davom etmoqda va dastlabki ijobiy natijalar ham ko‘rinmoqda. Uning qo‘llanilishi tuproq sho‘rlanishiga qarshi kurashda hamda uning sog‘lomlik darajasini saqlashda samaradorligi sezildi. Bu esa ekin maydonida hosil sifatiga va uning ko‘rsatkichlarini oshishiga xizmat qiladi degani, shunday emasmi?
Ushbu seminarni tashkil etishdan asosiy maqsad ham mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan klaster, dehqon-fermer xo‘jaliklari va yerdan foydalanuvchilarga “Fujimin” suyuq bioo‘g‘itining barcha ilmiy asoslangan afzalliklari, uni qo‘llash tartib-qoidalari bo‘yicha muhim maʼlumotlarni taqdim etish bo‘ldi.
Yoshida Kazuyo, “Japan Conservation Engineers & Co. LTD” kompaniyasi menejeri:
“Yaponiyada yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lgani bois, tuproq, yer unumdorligi, uning organik minerallarga to‘yingani bilan bog‘liq muammo unchalik ham dolzarb emas. Sizning mamlakatingizni esa iqlimi quruq, yog‘ingarchilik nisbatan kam va tuproq bilan bog‘liq muammolari mavjudligiga guvoh bo‘ldim. Sho‘rlanish va degradatsiyaga uchragan yerlarni birdaniga yashil ekin maydoniga aylantirish judayam qiyin. O‘zbekistonda yer holatini yaxshilashni bosqichma-bosqich amalga oshirish lozim. Eng avvalo, ekin ekishga yaroqli bo‘lgan yerlarni saqlab qolish va ulardagi unumdorlikni oshirishga eʼtiborni qaratish kerak.
Yana bir muhim jihat shuki, O‘zbekiston va Yaponiya fermer xo‘jaliklari o‘rtasida o‘xshashliklar borligiga amin bo‘ldim. Yaʼni, bizning mamlakatda hozirda fermerlar bilan olimlar o‘rtasida xavfsiz oziq-ovqat yetishtirish borasida ilmiy va amaliy hamkorlikdagi ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Sizlarda ham shu jarayon boshlanganini kuzatdim va albatta, bu o‘z natijasini beradi deb o‘ylayman”.
Seminarda har ikki davlat vakillari tomonidan ushbu bioo‘g‘it texnologiyasini ekin maydonlarida qo‘llash me‘yorlari to‘g‘risida ilmiy asoslangan tavsiya va takliflar taqdim etildi.
Maʼlumot o‘rnida aytish mumkin, avvalroq, tuproqlarda kechayotgan degradatsiya, degumifikatsiya, sahrolanish va antropogen omillar ta‘sirida ifloslanish kabi salbiy jarayonlarni kamaytirish, uning unumdorligini, ekinlar hosildorligini oshirish maqsadida Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti hamda Yaponiyaning “Japan Conservation Engineers & Co. LTD” kompaniyasi o‘rtasida memorandum imzolangandi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: