O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov boshchiligidagi delegasiya Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib turgani to‘g‘risida xabarlar berib boryapmiz. Tashrif doirasida qishloq xo‘jaligi sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida Xitoyning bir qator yirik kompaniyalari va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari vakillari bilan hamkorlik uchrashuvlari o‘tkazilmoqda.
Uchrashuv tadbirlarida O‘zbekistonning qishloq joylarini rivojlantirish, agrar soha bo‘yicha aholining bilim va ko‘nikmalarini oshirish, hududlardagi cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish muhimligiga eʼtibor qaratildi.
Delegasiyamiz vakillari, shuningdek, Xitoydagi “Tuproq sifatini sinash” markazi, “Aqlli qishloq xo‘jaligi” parki, “Pitahaya” issiqxonasi, ShHT bazasi ko‘rgazma zali hamda transchegaraviy elektron tijorat markazlarida bo‘lishdi hamda mamlakatlarimiz uchun manfaatli bo‘lgan yo‘nalishlarda hamkorlik qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.
Bundan tashqari, Xitoy tomoni bilan birga qishloq xo‘jaligida “Yerdan foydalanish islohotlari”, “Mintaqaviy rivojlanish va urbanizatsiya strategiyasi”, “Bandlik va ijtimoiy taʼminotni rivojlantirish, oziq-ovqat va strategik zaxiralarni boshqarish” kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalariga ham eʼtibor qaratildi, shuningdek, “Yashil energetika” hamda agrar sohada ilg‘or loyihalarni amalga oshirish muhimligi ham qayd etildi.
Binobarin, iqtisodiyotning agrar tarmog‘ini modernizasiya qilishda fan va texnologiyalar muhim o‘rin tutadi. Xususan, ishlab chiqarishni axborotlashtirish va intellektuallashtirish asnosida qishloq xo‘jaligiga agroinnovasiyalarni joriy etish hamda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash barobarida dehqonlar daromadi ortishiga xizmat qilishi alohida taʼkidlab o‘tildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: