Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda bozor rastalarida uzum narxining keskin oshib ketgani bilan bog‘liq xabarlar tarqaldi. Garchi Qishloq xo‘jaligi vazirligining ijtimoy tarmoqlardagi sahifalarida bu haqda rasman maʼlumot taqdim etilgan bo‘lsa-da, hanuzgacha uzum narxi juda yuqori ekanligi to‘g‘risidagi gap-so‘zlar tinmayapdi. Biz vaziyatga oydinlik kiritish hamda bu yilgi uzum hosili haqida ma’lumot olish uchun dastlab Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutiga yo‘l oldik.
Ushbu ilmiy-tadqiqot institutining “Uzumchilik va mikro-vinochilik bo‘limi” boshlig‘i, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori O‘tkir Ochildiyevning taʼkidlashicha, bugungi kunda respublikada 1820 ta uzum nav kolleksiyasi mavjud bo‘lib, shulardan 200 tasi mahalliylashtirilgan, xususan 49 tasi Davlat Reestridan o‘rin olgan. Respublikada 2021-yil holatiga ko‘ra, uzum yetishtirish bo‘yicha 157 ming gektar maydon mavjud edi. Uzumchilikda olib borilayotgan islohotlar natijasida ushbu mevaning sifatli va eksportbop navlarini ko‘paytirish uchun unga ajratiladigan maydonni kengaytirish yaʼni tokzorlar 2025-yilgacha 307 ming gektar bo‘lishi rejalashtirilgan. Davlatimiz rahbarining Farg‘ona viloyatiga tashrifi davomida suvsiz, rentabelligi past hududlarda uzumzorlarni barpo etish bo‘yicha tashabbusidan kelib chiqqan holda, barcha viloyatlarda o‘quv seminarlari o‘tkazilib, Oltiariq tajribasi asosida uzumzorlarni tashkil etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilanmoqda.
Mutaxassis mamlakatimizda uzum yetishtirishda kutilgan natijalarga erishish uchun quyidagi omillarga eʼtibor qaratish lozimligini keltirib o‘tdi:
Albatta, bu uchta omilni o‘z vaqtida va samarali yo‘lga qo‘yish orqali biz respublikamizda uzum hosildorligini oshirishimiz, mahalliy va xorijiy bozorlarni ushbu mahsulot bilan taʼminlashimiz mumkin.
O‘z vaqtida olib borilgan chora-tadbirlar natijasida uzum yetishtirishda ko‘zga ko‘rinarli yutuqlarga erishdik. Ammo yutuqlar bilan bir qatorda tashqi tabiiy taʼsirlar tufayli kelib chiqqan muammolarga ham ko‘z yuma olmaymiz. Yil yildan farq qiladi, deb bejizga aytishmaydi. Jumladan, 2023-yilning qish mavsumida respublikamizda anomal sovuq havo harorati kuzatildi. Bunday harorat mamlakatimizda bundan 35-40 yillar oldin kuzatilgan edi. Ushbu sovuq taʼsiridan ekinlarimizni himoya qilish bo‘yicha respublikamizda Ishchi guruhlar faoliyat olib bordi. Lekin shuniyam unutmaslik kerakki, tok ko‘chati -18 darajadan past bo‘lgan sovuq haroratga chiday olmaydi, o‘simlikni sovuq uradi. O‘shanda respublikamizning Farg‘ona, Andijon, Namangan kabi vodiy viloyatlarida toklarni ko‘milganda yoki tik simbag‘azga o‘ralgan toklarni tanasi yopilganda sovuq urish holatlari deyarli kuzatilmadi. Shu bois ham asosan vodiy viloyatlarida ushbu tabiiy holatda tok ko‘chatlari betalofat saqlab qolindi va hosil ham shunga yarasha mo‘l bo‘ldi. Boshqa hududlarda esa tokni ko‘milmagan yoki ko‘milganda ham agrotexnik tadbirlarga (yaxob suvi berish) rioya etilmagani kuzatildi. Natijada tok ko‘chatlarini sovuq urib ketdi va hosildorlik kamaydi. Bu esa bozorlarda ushbu mahsulotni qisman kamayishiga, aholini uzum bilan kamroq taʼminlanishiga olib keldi.
Bu yil tabiiy iqlim sharoitidan kelib chiqib, yuzaga kelgan holat hosilga o‘z taʼsirini ko‘rsatdi. Endi esa, bunday talafotlarga yo‘l qo‘ymaslik va hosildorlikni saqlab qolish uchun o‘z vaqtida zarur chora-tadbirlar amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Yaʼni 2024-yildagi qishki mavsum sovuq bo‘lish-bo‘lmasligidan qatʼiy nazar, o‘z vaqtida chora-tadbirlar ko‘riladi, bog‘bonlar imkon qadar tok ko‘chatlarini ko‘mish ishlarini olib borishadi va shu tariqa hosilni to‘lig‘icha saqlab qolishga erishiladi.
Shundan so‘ng, biz bozorlardagi uzum narxini bilish maqsadida Toshkent shahridagi Yunusobod dehqon bozoriga yo‘l oldik. O‘rganishlarimiz natijasida mahalliy “Kishmish” navli qora uzum narxi — 15-25 ming so‘m atrofida, “Husayni” uzumlari esa 20-40 ming so‘mgacha ekanligiga amin bo‘ldik. Shuningdek, “Avatar” navli uzumning 1 kilosi 35 ming so‘mdan 70-80 ming so‘mgacha, “Mersedes” navli uzumning narxi 30 ming so‘mdan 70 ming so‘mgacha ekanligiga guvoh bo‘ldik.
Fursatdan foydalanib, bozordagi sotuvchi va xaridorlarga mikrofon tutdik.
Manzura Tojixonova, xaridor
— Qozog‘istondan nevaralarimni ko‘rgani keldik. Ularni xursand qilish uchun bozorga kelib, mevalardan olib ketaylik dedik. Uzum vitaminlarga boy bo‘lgani uchun ham nevaralarimga ilindim. Bozorlaringizda to‘kinchilik, hamma mahsulotlar arzon, bor bo‘lsin ilohim!
Ilhom Mahkamov, sotuvchi:
— Har bir mevaning o‘z pishish va bozorlarga chiqish vaqti, mavsumi bor. Uzumlarni bandi ko‘karib turganida barra holida bo‘ladi. Bandi qoraymasa, uni xaridorlar yaxshi sotib olishadi. Bandi qorayganida esa narxlari tushib ketadi. Shuning uchun uzumni qimmat narxda sotmasdan barra holida arzonroq sotishga harakat qilamiz. Ana shunda xaridorlar ham, biz ham savdodan mamnun bo‘lamiz.
Dilobar Karimova, xaridor:
— Mana shu bozorga yaqin xonadonda yashaymiz. Boshqa bozorlarga qaraganda narxlari hamyonbop, mahsulotlarining sifati ham yaxshi. Husayni uzumini oilamiz bilan sevib isteʼmol qilamiz. Uzumning ushbu navini narxi ham, mazasi ham bizga maʼqul bo‘lgani uchun sotib olamiz.
Sojida Mirhojiyeva, sotuvchi:
— Yigirma besh yildan beri ushbu bozorda savdo bilan shug‘ullanaman. Uzum bu bizning dehqonchilik mahsulotimiz bo‘lgani uchun ham ushbu mevani ko‘proq sotaman. Parkentda o‘g‘illarim 2,5 gektar tokzorlarda uzum yetishtirishmoqda. Tokzorlarimizda “Kishmish”, “Rizamat”, “Toyfi” navli uzumlar bor. Yetishtirgan uzumlarimiz va ularning narxi xaridorlarimizga maʼqul kelyaptiki, sotib olishyapdi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: