2023-yil 18-sentyabrda Qishloq xo‘jaligi texnikasi va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash markazida Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, Italiyaning “Manganorobot Central Asia LLC” qo‘shma korxonasi mutaxassislari va italiyalik mutaxassis Slaudio Mangano bilan birgalikda nazorat o‘lchov mashinasini (KIM) ishlatish bo‘yicha o‘quv-amaliy seminar o‘tkazildi.
Seminarga Markaz mutaxassislari, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexaniatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti va Toshkent davlat agrar universitetining sohaga oid fakultet bitiruvchilari jalb qilindi.
“Manganorobot Central Asia LLC” qo‘shma korxonasi bosh direktori Behzod Ayupov va metrologiya muhandisi Muhiddinjon Abrorov tomonidan metall tarkibi va qattiqligini tekshirish, detallarning 3D o‘lchamlarini aniqlash, sinov stendlari, laboratoriya jihozlari va o‘lchash vositasidan samarali foydalanish hamda birlamchi sinovlarni o‘tkazish metodikalari bo‘yicha o‘quv amaliyoti o‘tkazildi.
O‘quv amaliyoti jarayonida zamonaviy ARION 630 S, AXION 850, AXOS 340 traktorlari kabinasining texnik parametrlari: kabinadagi chang o‘tkazuvchanlik, ko‘ruvchanlik, operator o‘rindig‘ining nuqtalarini aniqlash, pnevmatik aniq ekish seyalkasi, kultivator-oziqlantirgichlarning birlamchi texnik ekspertizalarini o‘tkazish va ularning sifat ko‘rsatkichlarini aniqlash bo‘yicha tajribalar amalga oshirildi. Tajriba davomida nazorat o‘lchov mashinasidan (KIM) foydalanildi. Bunday zamonaviy o‘lchash mashinasi bir qator afzallik va qulayliklarga ega bo‘lib, detallarning birdaniga 3 ta o‘lchamini aniqlash imkonini beradi. Shuning uchun ushbu o‘lchash mashinasidan qishloq xo‘jaligi texnikalarining tezkor sinovlarini amalga oshirishda foydalanilsa yaxshi natija berishi ta’kidlandi.
Sinov jarayonida zarur ko‘nikmalar shakllantirilib, yosh muhandislarni qiziqtirgan barcha savollariga javob berildi.
Kelajakda “Manganorobot Central Asia LLC” qo‘shma korxonasi mutaxassislari bilan birgalikda zamonaviy asbob-uskunalar, sinov stendlari bo‘yicha texnik shartlarni ishlab chiqish, xalqaro akkreditatsiya hujjatlarini tayyorlash, metrologiya va sertifikatlashtirish sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib olindi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: