Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov Qashqadaryo viloyatiga ishchi tashrifi davomida navbatdagi manzil Kasbi tumani bo‘ldi. Tumandagi «Indorama» MCHJ klasteriga qarashli dala maydonida sifon usulida sug‘orish amaliyoti ko‘zdan kechirildi.
Xalqaro ekspertlarning suv eng qimmat resursga aylanishi haqida o‘tgan asrda qilgan taxminlari bugun o‘z isbotini topa boshlagani bor gap. Bugungi kunda ko‘plab xorijiy davlatlar qishloq xo‘jaligida suv taqchilligi muammosiga suv tejovchi texnologiyalar orqali yechim topmoqda. Masalan, Isroilda 75-80 foiz ekin maydonlari tomchilatib sug‘orish tizimiga o‘tkazilgan. E’tiborlisi, O‘zbekistonda ham bu tizim ommalashib, so‘nggi yillarda 400 ming gektarda tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalari joriy qilindi.
Shuni alohida aytib o‘tish kerakki, sifon usulida sug‘orish orqali naylardan, egiluvchan sug’orish shlanglaridan, tuproq ostidan suv taqsimlash usullaridan foydalangan holda suvchining ish unumdorligini oshirish va barcha egatlarga bir xilda suv taqsimlash mumkin. Agar 1 nafar suvchi 1 gektar yer maydonidagi egatlarga chim yoki qog’oz salfetka yordamida suv taqsimlash uchun 3,5-4 soat vaqt sarflasa, sifon-naylardan foydalanilganda esa 1,5-2 soat, tuproq ostidan suv taqsimlash usulida esa arzimagan vaqt ketadi.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitovning galdagi tashrif manzili Mirishkor tumani bo‘ldi. Yaʼni tumandagi “Temur Hamkor Plast” MChJ tomonidan tashkil etilayotgan tomat pastasi va ketchup ishlab chiqarishga mo‘ljallangan korxona loyihasi vazir e’tiborini tortdi. Hozirda ushbu jamiyat faoliyatini boshlashi uchun bino va inshootlar tayyor holatga keltirilgan. Qiymati 2 mln dollar bo‘lgan loyihaga Turkiya, Fransiya, Germaniyadan zamonaviy asbob-uskunalar olib kelindi va ayni kunlarda muhandislar tomonidan oxirgi montaj ishlari olib borilmoqda. Joriy yilning avgust oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan korxonada sutkasiga 100 tonna pomidorni qayta ishlab chiqarish mo‘ljallanmoqda. Shuni alohida taʼkidlash joizki, ushbu korxonaning ishga tushirilishi cho‘l hududida joylashgan Mirishkor tumani va uning aholisi uchun ko‘plab imkoniyatlar eshigini ochadi. Avvalo, korxonada ishlab chiqarilgan mahsulotning asosiy qismi eksportga yo‘naltiriladi va 1 mln dollarlik mahsulot eksport qilinsa, tumanning byudjetiga naq 800 mln so‘m qo‘shimcha tushum kiradi. Bundan tashqari, ichki bozor sifatli va ishonchli mahsulot bilan taʼminlanadi.
Shuningdek, bu yerda 55 nafar ishchilar mehnat qilsa, ularning oilalariga daromad kiradi. Eng muhimi, ushbu korxonani xomashyo bilan ta’minlash uchun tumanning o‘zida bitta mahalla va ko‘plab tomorqa egalari pomidor yetishtirishga ixtisoslashtirilmoqda. Bu korxona qayta ishlab chiqarish uchun yondosh tumanlardan ham pomidor olib kelish qulay bo‘lgan o‘rinda joylashgan.
Shundan so‘ng Aziz Voitov “Mirishkor tekstil group klaster” MChJ ga tashrif buyurdi. Aynan bu korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, yangicha ishlash uslublari qiziqish bilan o‘rganildi. Korxonaga asosan Yaponiyadan dastgohlar olib kelingan. Hozirda bu yerda 200 nafarga yaqin ishchi xodimlar faoliyat olib borishmoqda. Bugungi kunda to‘liq quvvat bilan ishlayotgan korxona mahsulotlari asosan eksportga yo‘naltirilmoqda. Tikuvchi xotin-qizlarning esa malakasini oshirish uchun treninglar tashkil etilgan. Eng asosiysi, korxonada ishlash uchun mahalladagi kam taʼminlangan, ehtiyojmand oilalarning farzandlariga ko‘proq imkoniyatlar berilgan.
Tashrif mobaynida Mirishkor tumanida yaratilayotgan bunday imkoniyatlar aholini yanada boy, tumanni esa obod va farovon qilish yo‘lidagi saʼy-harakatlar ekaniga amin bo‘lindi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: