Davlatimiz rahbari bugungi kunda soha rahbarlaridan mamlakat iqtisodiyotining qaysi tarmog‘ida faoliyat yuritishidan qat’iy nazar amalga oshirilayotgan islohotlarning ijrosini joyiga borib o‘rganish, mavjud muammolarning yechimini joyida ishlab chiqishni talab etmoqda. Shundagina ko‘zlangan maqsad – xalqimiz farovonligini ta’minlash, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga erishish mumkin. Birgina Qishloq xo‘jaligi vazirligini oladigan bo‘lsak, agrar sohaga zamonaviy texnologiyalar va xorij tajribasini tatbiq etish, sohani raqamlashtirish jarayonini jadallashtirish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Agrar sohadagi ilg‘or tashabbuslar bilan tanishish, ularni amaliyotga joriy etish maqsadida ikki kun avval Sirdaryo viloyatida bo‘lgan Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov ayni damda ishchi tashrif bilan Qashqadaryoda.
Joylarda agrar sohadagi islohotlarning ijrosini ta’minlash, mavjud muammolarni joyida o‘rganib ularning yechimlarini ishlab chiqishni maqsad qilgan vazirning ilk tashrifi “Koson elita urug‘chiligi laboratoriyasi” MCHJ bo‘ldi. Bu yerda Aziz Voitov urug‘chilik fermer xo‘jaliklari uchun tashkil etilgan o‘quv-amaliy seminarda ishtirok etdi.
Qashqadaryo viloyatining turli tumanlaridan kelgan fermerlar va urug‘chilik sohasi mutaxassislarini jamlagan ushbu seminar urug‘lik tayyorlab berish, dalalarga ekinlarni joylashtirish va agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro maslahatlashuv ruhida o‘tdi. Tadbir bevosita dalada tashkil etilgani bejiz emas – urug‘likka yetarlicha e’tibor qanday samara berishi amaliy misollar asosida namoyish etildi.
Qashqadaryo viloyatida 11 ming gektar yer urug‘ qadashga tayyorlab qo‘yilgan. Viloyatda ushbu hudud sharoitiga moslashtirilgan 37 navdagi urug‘ sinovdan o‘tkazilib, ekilayotgani tadbirda ta’kidlandi. Urug‘chilik borasida boshqa viloyatlar tajribalari ham ko‘rildi, chunonchi, Surxondaryoda yaxshi natija ko‘rsatgan ingichka tolali paxta navining urug‘lari Qashqadaryoda ham sinab ko‘riladi va iqlim sharoitlariga mos kelsa, keng tatbiq etiladi.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov urug‘lik tayyorlash jiddiy masala ekanligini, bu boradagi olimlar ishlanmalarini hayotga tatbiq etish va ilmiy salohiyatni to‘g‘ri qo‘llay olish bugungi kun talabi ekanligini alohida qayd etdi. Innovatsiyalar, ilmiy ishlanmalar va amaliyot uyg‘unligiga erishilganda, dalani fermer uchun to‘laqonli daromad manbasiga aylantira olganimizda yuksak samaradorlikka erishishimiz mumkinligi aytib o‘tildi.
Seminarda ko‘tarilgan yana bir masala joylarda urug‘chi-agronom mutaxassisligini qayta tiklash bo‘ldi. Zero urug‘ tayyorlash faoliyatini mutaxassis nazorati ostida amalga oshirish ekin ekish, parvarishlash va hosilni yig‘ib-terish ishlarini ilmiy asosda yo‘lga qo‘yish imkonini beradi. Seminar o‘tkazilayotgan hududga tutash maydonda 40 gektar yerga paxtaning Buxoro-10 elita navi urug‘chilik uchun ekilgan bo‘lib ishtirokchilar ushbu maydondagi g‘o‘zalarning holatini ham ko‘zdan kechirishdi. Mutaxassislarning fikricha Qashqadaryo iqlim sharoitiga moslashtirilgan ushbu g‘o‘zalar tetik va boshqa navlarga qaraganda yaxshi rivojlanmoqda.
Yangi nav – bu ko‘proq hosil va samaradorlik demak. Shu jihatdan, qashqadaryolik mirishkorlarning tajribalari, ularning fikr-mulohazalari har tomonlama o‘rganilib, iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda eng muvofiq urug‘liklarni tanlash lozimligi seminar davomida aytib o‘tildi.
Tadbir doirasida yangi texnikalar taqdimoti ham o‘tkazildi. Fermerlar e’tirofiga ko‘ra, bugungi kunda “Agrotex klaster”da ishlab chiqarilgan texnikalar ish jarayonida o‘zini yaxshi tomondan namoyon etgan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: