2023-yilning 19-may kuni Jizzax viloyatida «Lalmikor dehqonchilikning ahamiyati, ilmiy asoslari va uni rivojlantirishning innovatsion agrotexnologiyalari» mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutining 110 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan ushbu anjuman Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi (ISCAD) va Qurg‘oqchil mintaqalarda qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari xalqaro markazi (ICARDA) bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining masʼullari, vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar vakillari, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy Markazi (AKIS)ning mutaxassislari, agroklasterlar rahbarlari, olim va tadqiqotchilar, mahalliy va xorijiy taʼlim muassasalari professorlari qatnashdilar. Shuningdek, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Qozog‘iston, Misr, Xitoy, Eron va Efiopiyadan xalqaro darajadagi olimlar ham ishtirok etib, lalmikor dehqonchilikni rivojlantirish, bug‘doy yetishtirish va resurslardan samarali foydalanish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
1913-yilda Jizzax viloyatida o‘z faoliyatini boshlagan Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutida dastlab lalmi yerlarda, keyinchalik sug‘oriladigan maydonlarda boshoqli, dukkakli don va boshqa ekinlar seleksiya-urug‘chiligi va agrotexnikasini o‘rganish ishlari amalga oshirilgan.
110 yillik faoliyati davomida ilmiy-tadqiqot institutida 20 ga yaqin qishloq xo‘jalik ekinlarining 246 ta serhosil navlari yaratildi. Hozirgi vaqtda sug‘oriladigan va lalmikor maydonlar uchun mos bo‘lgan ertapishar, serhosil, yuqori sifatli navlarni yaratish, bug‘doy-shudgor almashlab ekish tizimi, resurs tejovchi agrotexnologiyalarni takomillashtirish, tuproq unumdorligini oshirish, uni shamol va suv eroziyalaridan saqlash hamda 14 turdagi qishloq xo‘jalik ekinlarining seleksiyasi va urug‘chiligi bo‘yicha ilmiy va amaliy, innovatsiya ishlari davom ettirilmoqda.
“Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti «O‘zbekistonda oziq-ovqat tizimlarining yerdan foydalanish va qayta tiklashga taʼsirini baholash dasturi» loyihasini amalga oshirishda FAOning hamkori hisoblanadi. Loyiha FAO tomonidan Global Ekologik Jamg‘armasi ko‘magida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Tabiat resurslari vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha doirasida bug‘doy ko‘p yetishtiriladigan hududlarda yerdan foydalanishning samarali texnologiyalarini va ekologik yondashuvlarini joriy qilishda lalmikor dehqonchilikni rivojlantirish muhim o‘rin tutishini alohida taʼkidlamoqchiman”— deya o‘z fikrlarini bildirdi FAOning «O‘zbekistonda oziq-ovqat tizimlarining yerdan foydalanish va qayta tiklashga taʼsirini baholash dasturi» loyihasi milliy koordinatori Aziz Nurbekov.
Anjuman yakunida ishtirokchilar yubileyini nishonlayotgan Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutining tajriba maydonlarida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: