Bir dona ko‘chat ekib, bog‘ yaratishni niyat qilgan inson borki, vatani obod bo‘lishini, uzoq yillar bog‘ining mevalaridan insonlar bahra olishini istaydi.
Yaxshidan bog‘ qoladi, deydi xalqimiz. Ammo o‘sha bog‘ni barpo etish, navnihol ko‘chatlarni parvarishlab, daraxtlaridan hosil olish oson ish emas. Balki shuning uchun ham Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanida Jamoliddin Jo‘raboyevning 5 yil oldin toshloq, qarovsiz yerda bog‘ yaratishiga ko‘pchilik ishonqiramagandi. Asli urgutlik bo‘lgan bog‘bon boshqa tumanga kelib, bog‘ yaratishga jazm etdi. Suvsiz, lalmi yer maydonlarida ko‘chat o‘stirish uchun dastlab 200 metr pastlikdan quduq qazib, suv chiqarildi. Bugungi kunga kelib esa, fermer xo‘jaligining bog‘ maydonida ikkita artezian quduq bor. Ular soatiga 45-50 tonna suv chiqaradi. Eng muhimi, ushbu fermer xo‘jaligiga davlatimiz tomonidan yordam va sinov tariqasida quyosh paneli batareyalari o‘rnatilib, bog‘ning yashnab ketishi uchun imkoniyat yaratildi.
Dastlab, ushbu yerlarning ikki gektari o‘zlashtirilib, gilos ko‘chatlari ekildi. “Napoleon” navli gilos ko‘chatlari o‘tgan yili meva tugishga kirib, bog‘bonning bog‘ yaratishga bo‘lgan ishonchini yanada oshirdi. Hosil kutilganidek bo‘ldi va bu yil ham gilos mevalari daraxt shoxlarini egmoqda.
Gilos ko‘chatlari yerga mehr qo‘yib, tup yozganini ko‘rgan bog‘bon shundan so‘ng 10 gektar yerga olcha ko‘chatlarini ekdi. Olcha ko‘chatlari ham serhosillikda gilosdan ortda qolmadi.
Ishning hadisini olgan fermer xo‘jaligi rahbari endi toshloq yerning qolgan qismlarini ham o‘zlashtirib, 5 gektar yer maydoniga “Qo‘shrabot” uzumini, 5 gektar yer maydoniga “Gigant” navli uzum ko‘chatlarini ekdi. Ushbu tok ko‘chatlari bu yildan hosilga kiradi.
Tinib-tinchimas Jamoliddin Jo‘raboyev bog‘ yaratishni boshlaganining uchinchi yiliga kelib, 40-50 gektar maydonga yong‘oq ekishga ham ulgurdi. To‘g‘ri, joriy yilning yanvar oyida mamlakatimizda kuzatilgan keskin sovuq ushbu yong‘oqzordagi ko‘chatlarga qisman taʼsir qildi. Ammo bog‘bon bu sinovga taslim bo‘lmadi. 10 gektarli yong‘oqzordagi ko‘chatlarni qaytadan ekib chiqdi. 10 gektarda yaratilgan olmazorning ham bu yilgi hosili ko‘zni quvnatadigan darajada.
Bugungi kunga kelib, fermer xo‘jaligining 96 gektarli yer maydonini barcha qismiga tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilgan. Bu orqali bunday lalmi yer maydonlarida nafaqat suv tejaladi, balki berilayotgan o‘g‘itlar ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri daraxt ildiziga yetib boradi.
Bog‘ yaratib, xalqimizning dasturxonini yanada to‘kin qilishni maqsad qilgan fermer xo‘jaligi rahbarining hali oldinda qiladigan ishlari ko‘p. Yanada ko‘proq mehnat va mashaqqati evaziga esa, vatanning obodligi va yurtdoshlarining roziligini olish istagi unga barchasini yengishda kuch-quvvat beradi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: