Navoiylik tadbirkorlar, mamlakatimiz iqtisodiyotida qishloq xo‘jaligi, oziq–ovqat va chorvachilik sohalarining o‘rnini to‘g‘ri tushungan holda, fermer xo‘jaliklarida yirik va mayda shoxli qoramol parvarishlab, aholi dasturxoniga sut va go‘sht mahsulotlarini taqdim etish yo‘lida unumli mehnat qilib kelmoqdalar. Buni Navoiy viloyati Qiziltepa tumani “Yangi asr” fermer xo‘jaligi faoliyati misolida ham ko‘rishimiz mumkin.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitovning Navoiy viloyatidagi navbatdagi manzili aynan mana shu “Yangi asr” fermer xo‘jaligi bo‘ldi.
Xo‘jalik qoshidagi fermada, asosan, sut yo‘nalishida yirik shoxli qoramollar parvarishlanadi. Ularning barchasi xorijdan keltirilgan sersut naslli chorva bo‘lib, fermer xo‘jaligida joriy etilgan zamonaviy texnologik ish usullari tufayli qisqa fursatda bir necha barobarga ko‘paygan. 1 500 bosh qoramol keltirilgan bo‘lsa, bugun ularning sonini 2 000 boshdan oshirish rejalashtirilgan. Sog‘ib olinayotgan sut hajmi ham shunga yarasha – kuniga 45-50 tonnani tashkil qiladi.
O‘z o‘rnida vazir Aziz Voitov chorvachilik fermasidagi ish jarayoni va ishlab chiqarishga joriy etilgan ilg‘or texnologiyalar bilan tanishar ekan, ishlab chiqarishning uzviyligini ta’minlash, fermer xo‘jaligi faoliyatini yanada kengaytirish yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
“Mahsulotdan rastagacha” tamoyili asosida ish olib borayotgan fermer xo‘jaligi bugun kundalik sog‘ib olinayotgan sutni shu yerning o‘zida qayta ishlaydi – sut xomashyosi fermer xo‘jaligini qariyb 40 turdagi pishloq, brinza va boshqa tayyor mahsulotlar ko‘rinishida “tark” etadi.
Qishloq joylarida zamonaviy chorvachilik komplekslarini tashkil qilish soha rivojiga hissa qo‘shish, aholining sut-go‘sht mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish barobarida yana bir muhim ijtimoiy-iqtisodiy funksiyani bajaradi – aholining yuqori daromadli ish bilan ta’minlanishiga xizmat qiladi. Chunonchi, “Yangi asr” fermer xo‘jaligi bugungi kunga kelib 200 ga yaqin aholini doimiy ish bilan ta’minlangan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: