Qishloq xo‘jaligi O‘zbekiston iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan biridir. Meva-sabzavot va poliz ekinlarini yetishtirish va ularni qayta ishlash jarayonlarini texnik va texnologik yangilash va modernizatsiya qilish, tarmoqning xalqaro savdo tizimiga integratsiyalashuvi uchun turtki bermoqda. Joylarda intensiv bog‘lar barpo qilinmoqda. Yirik klasterlar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. O‘z-o‘zidan meva va sabzavotlarni qayta ishlash, qadoqlashga bo‘lgan talab ham oshib bormoqda.
Ana shunday imkoniyatlarni o‘zida jamlagan yana bir tashabbus Navbahor tumani Qorajon hududidagi “Paradise Garden” MCHJ uzum va mevalarni qayta ishlash korxonasidir.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitovning Navoiy viloyatidagi navbatdagi manzili aynan mana shu korxona bo‘ldi.
Bu manzilda klasterlar tarmog‘idagi bog‘larda yetishtiriladigan, meva va sabzavotlar qayta ishlanib, turli xildagi sharbat, vino ishlab chiqarib qadoqlash yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Bu orqali 5 nafar doimiy va 15 nafar mavsumiy ish o‘rni yaratishga erishiladi. Vazirning korxona mutasaddilari bilan suhbati chog‘ida rejalashtirilgan ishlarni amalga oshirish natijasida erishiladigan yutuqlar muhokama qilindi.
Mahsulotlarini ishlab chiqarishni keng ko‘lamda tashkil etish maqsadida, Sloveniyadan turli uskunalar keltirilgan.
Aytish joizki, qariyb 63 gektar maydonni o‘z ichiga olgan hududning 6 gektari ekin ekish, 1 gektar intensiv bog‘lar, 57.7 gektar qismi esa yaylovni tashkil etadi. Korxona qurilishi uchun esa, 0,5 gektar hudud qamrab olingan.
Mevalardan sharbat ishlab chiqarish uchun Janubiy Koreya bilan qiymati qariyb 500 mln. AQSh dollari bo‘lgan hamkorlik kelishuviga erishilgan bo‘lib, loyiha doirasida uzumni qayta ishlash, meva va uzum sharbatlarini qadoqlash texnologik liniyasi tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Qolaversa, uzumchilik korporatsiyasini tashkil etish maqsadida korxonaga yaqin hududda joylashgan 10 000 ta aholi xonadonlarining har biriga 10 tadan uzum ko‘chati yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan.
Rejadagi 500 gektar uzumchilik korporatsiyasini tashkil etish orqali har bir gektar maydondan qariyb 25 mlrd. so‘m daromad olish imkonini beradi.
1 gektar maydonni bir xonadonga biriktirish orqali esa, bir xonadonda o‘rtacha 4 kishi deb hisoblasak, jami 200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Buning natijasida umumiy ishlab chiqarish quvvati 50 ming tonnaga yetkaziladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: