Paxtachilik – qishloq xo‘jaligining eng yirik tarmoqlaridan biri bo‘lib, mamlakat iqtisodida, xalqning moddiy farovonligini yuksaltirishda katta ahamiyatga ega.
Paxtachilik tarmog‘ini rivojlantirish, eng avvalo, mamlakat oziq-ovqat strategiyasi yo‘nalishlari talablarini bajarish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Yurtimizda paxtachilik tarmog‘ini samarali rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlaridan biri qishloqda agrar va iqtisodiy munosabatlarni isloh qilishning huquqiy asoslarini hayotga to‘laligicha tatbiq etishdir.
Kuni kecha davlatimiz rahbarining Mustaqilligimizning
32 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan tabriklarida ham paxtachilikka alohida e’tibor qaratdi.
“Bugun paxtachilikda bozor iqtisodiyoti tamoyillari joriy etilib, soha o‘z egasini topdi. Natijada o‘qituvchi maktabga, shifokor shifoxonaga qaytdi, tadbirkorlar paxta “o‘lponi”dan ozod bo‘ldi, majburiy va bolalar mehnatiga chek qo‘yildi. O‘zbekiston xalqaro “qora ro‘yxatlar”dan chiqarildi.
Shunday ekan, oldimizda turgan yana bir muhim vazifa – jamiyat hayotining barcha sohalarida ayollar uchun teng imkoniyatlar yaratishdir.” deydi – Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Darhaqiqat, keyingi yillarda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, yer va suv munosabatlarini takomillashtirish, bozor mexanizmlarini keng joriy etish bo‘yicha izchil islohotlar fonida amalga oshirilayotgani mamlakatimiz rahbariyati bu borada belgilagan yo‘lidan aslo og‘ishmasligiga yana bor dalolat qiladi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 14-oktyabrda qabul qilingan Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasi tasdiqlandi.
Strategiyada belgilangan paxta xom ashyosi va boshoqli don yetishtirishda davlatning ishtirokidan bosqichma-bosqich voz kechish borasida respublikada paxta yetishtirishning yangi bozor mexanizmi joriy etildi. 2020-yilga kelib paxta yetishtirishda to‘liq klaster tizimiga o‘tildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-martdagi “Paxtachilik sohasida bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan paxta xom ashyosining xarid narxini davlat tomonidan belgilash amaliyotidan voz kechildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-yanvarda “Paxta xom ashyosi yetishtiruvchilar faoliyatini yanada qo‘llab quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilinishi paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari o‘rtasida o‘zaro manfaatli munosabatni yo‘lga qo‘yish hamdar ular faoliyatining samaradorligini yanada oshirish uchun zarur normativ hujjat bo‘ldi.
Chunonchi, ushbu qarorga asosan paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari tomonidan paxta xom ashyosining xarid narxi o‘zaro manfaatli kelishuv asosida shakllantirilishi belgilandi.
Paxta xom ashyosining narxi bozor iqtisodiyoti talablariga muvofiq, har bir hududda o‘sha hududdagi yerning holati, paxta yetishtirishga yo‘naltirilgan sarf-xarajatlar, bozordagi talab va taklifdan kelib chiqib, bevosita oluvchi va sotuvchi tomonlarning o‘zaro kelishuvi asosida belgilanadigan bo‘ldi.
Fermer-dehqonga o‘zi yetishtirgan paxta xom ashyosini xaridor bilan o‘zaro kelishilgan narxda sotish erkinligi berildi. Paxta yetishtiriladigan maydonlarni nasos orqali sug‘orishda sarflanadigan elektr energiyasi xarajatlarining 50 foizigacha qismi Davlat budjetidan qoplab berish tartibi joriy etildi.
Qolaversa, urug‘lik, mineral o‘g‘itlar, yonilg‘i-moylash materiallari va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini klasterlar tomonidan fermer xo‘jaliklariga ustama qo‘llamasdan, ya’ni o‘tgan yilga nisbatan 15-20 foiz past narxlarda yetkazib berildi.
Bu esa, o‘z navbatida paxta yetishtirish xarajatlarini kamaytirish uchun yana bir imkoniyat bo‘ldi.
Joriy yilda paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari tomonidan 5 mingdan ortiq yuqori unumli qishloq xo‘jaligi texnikalari va agregatlari xarid qilindi.
Natijada, birgina joriy yilda 48 foiz maydonda chigit yuqori unumli zamonaviy pnevmatik seyalkalarda ekildi va buning hisobiga 15 ming tonna urug‘lik chigit (24 mlrd so‘mdan ortiq) va 5 ming tonna dizel yoqilg‘isi (qariyb 50 mlrd so‘m) tejaldi.
Respublika bo‘yicha tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilgan paxta maydonlar qariyb 300 ming gektarga yetkazilishi natijasida g‘o‘zani sug‘orish ishlarida 1,5 mlrd kub metrga yaqin suv resurslari tejaldi, 50 ming tonnadan ortiq mineral o‘g‘it (qariyb 200 mlrd so‘m) va 10 ming tonnaga yaqin yoqilg‘i moylash materiallari (90 mlrd so‘mdan ortiq) iqtisod qilindi.
Paxta xom ashyosi yetishtirishda klaster tizimining joriy etilgani va ular tomonidan fermer xo‘jaliklarining yangi texnikalar bilan ta’minlanishi, moddiy resurslarni ularga o‘z vaqtida yetkazib berilishi natijasida paxta hosildorligi keyingi uch yilda
5-6 sentnerga oshdi.
Paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan paxtani dastlabki qayta ishlashdan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan qo‘shimcha qiymat zanjiri yaratildi. Buning natijasida, 2017-yilga nisbatan ip-kalava ishlab chiqarish ikki barobarga, tayyor mahsulot uch barobarga ortdi. Klasterlarning o‘z quvvatlari hisobiga tola ishlab chiqarish 148 foizga, ip-kalava 83 foizga, mato to‘qish 19 foizga, tayyor mahsulot 66 foizga yetdi.
Bu qo‘shimcha daromaddan tashqari 239 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratish bilan birga budjetga 2,8 trln. so‘m (2016-yilga nisbatan 5 barobar ko‘p) sarmoya kiritish imkonini yaratdi.
Ko‘rib turganimizdek, paxtachilikda har bir hudud o‘z sharoiti va holatidan kelib chiqib, xaridor bilan kelishgan holda xom ashyo narxini belgilash huquqiga egaligi, shuningdek narxning davlat tomonidan belgilab berilishi amaliyoti bekor qilingani sohaning yanada rivojlanishiga, unumdorlik ortishiga xizmat qilmoqda. Bunda joylardagi klaster va fermer xo‘jaliklari paxta xom ashyosi narxini o‘zaro manfaatdorlikka asoslanib, kelishuv asosida belgilashi maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Zero, mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini yanada rivojlantirish bo‘yicha muhim tadbirlar belgilanganligi, qabul qilingan qonun va qarorlarning ijrosini ta’minlash yangi bosqichga olib chiqishiga xizmat qiladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: