Qishloq xo‘jaligi vazirligida Latviya qishloq xo‘jaligi texnikumi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda M.Mirzayev nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlik masalalari, shuningdek kelajakda laboratoriya yaratish va oziq-ovqat xavfsizligi sohasida hamkorlik masalalari ko‘tarildi.
Qishloq xo‘jaligi vazirining maslahatchisi Eshmirza Abdualimov mehmonlarni O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlarining borishi bilan tanishtirdi. Shuningdek, Qishloq xo‘jaligi vazirligi Xodimlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i Umida Saidova hamda, onlayn ravishda, vazir maslahatchisi Alisher Shukurov ham qatnashdi.
Tadbirda tomonlar rezameva hamda dekorativ ekinlarni mikroklonli ko‘paytirish bo‘yicha ishlarni hamkorlikda tashkil etish, ikkala mamlakat rezameva ekinlari genofondini boyitish masalalarini muhokama etdilar. Mevali ekinlar va uzum agrokimyosi va molekulyar biologiyasi laboratoriyasini tashkil etish va takomillashtirish masalasi atroflicha o‘rganildi, bu borada laboratoriyaning xalqaro akkreditatsiyadan o‘tishida Latviya tomoni ko‘magidan foydalanish taklif etildi.
Shuningdek, bog‘dorchilik, uzumchilik, pitomnik xo‘jaligi, virussiz ko‘chatlar yetishtirish, mahsulotni qayta ishlash va saqlash hamda boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha ikki mamlakat yosh olimlari almashinuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham fikr almashildi.
Latviyaliklar delegatsiyasi M.Mirzayev nomidagi ilmiy-tadqiqot institutida ham bo‘lib, muassasa faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: