Bir guruh o‘zbekistonlik qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislari Germaniyada bo‘lib, DEULA-Nienburg qishloq xo‘jaligi injeneriyasi o‘quv markazi (Deutsche Lehranstalt für Agrartechnik) tashkil etgan o‘quv seminarida qatnashdilar.
Ushbu o‘quv safari O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi, Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasining “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish” qo‘shma loyihasi doirasida tashkil etildi.
O‘quv seminari davomida Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti (QXMITI) laboratoriya rahbarlari A.Abdurahmonov, Sh.Ravshanov, B.Artikbaev hamda doktorantlar P.Uteniyazov va M.Ergashev qishloq xo‘jaligi mashinasozligi sohasida Germaniyaning yirik zavodlari erishgan yutuqlar, ularning ish faoliyatlari bilan tanishdilar, mashinasozlik rivojlanishining istiqbollari haqida ma’lumotga ega bo‘ldilar hamda nemis hamkasblar bilan tajriba almashdilar.
O‘quv seminari davomida ishtirokchilar Germaniyaning Gamme shahrida joylashgan GRIMME, Xasbergen-Gaste shahridagi AMAZONE va Xarzevinkel shahridagi CLAAS mashinasozlik zavodlariga tashrif buyurib, zavod mutaxassislari bilan jonli muloqot qildilar, zavodlarning ishlab chiqarish va payvandlash usullari, mashina va agregatlarni yig‘ish va bo‘yash liniyalari, ehtiyot qismlarni saqlash va yetkazib berish tizimi bilan tanishdilar.
Shuningdek, DEULA-Nienburg o‘quv markazining moddiy-texnika bazasi, nazariy va amaliy amaliy mashg‘ulotlar jarayoni hamda mashg‘ulotlarni o‘tkazish uslubiyoti bilan tanishdilar. O‘quv seminarining yakunida “Germaniya mashinasozligi” o‘quv dasturida muvaffaqiyatli qatnashganliklari to‘g‘risida sertifikatga ega bo‘ldilar.
O‘quv seminari dasturi davomida Deutsche Akademie für Landwirtschaft DEULA-Nienburg GmbH qishloq xo‘jaligi injeneriyasi o‘quv markazi hamda QXMITI vakillari o‘rtasida ilmiy fikrlar almashildi, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi uchun malakali kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha kelishuv memorandumi imzolandi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: