Bog‘ barpo etish, uning hosilidan xalqni bahramand etish savobli amallardan hisoblanadi. Bugungi tezkor rivojlanayotgan zamonda birgina bog‘ barpo etish uchun yillarni sarflash esa bog‘dorchilik uchun maqbul yechim emas. Shu bois ham respublikamizda intensiv bog‘lar barpo etish va unda yetishtiriladigan hosilni mahalliy bozorlarimizga va eksportga yo‘naltirish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Bizga taqdim etilgan maʼlumotlarga ko‘ra, respublika bo‘yicha 2023-yilda Respublika hududi bo‘ylab, aholi va dehqon xo‘jaliklarida — 89,9 ming gektar hamda fermer xo‘jaliklarida 247,4 ming gektar (shundan 70 ming gektar maydonda intensiv bog‘lar), jami 337,3 ming gektar mevali bog‘lar parvarish qilinmoqda. Mamlakatimizdagi mavjud mevali bog‘lardan 3 mln tonna hosil olish rejalashtirilgan. 70 ming gektar intensiv bog‘larda yetishtirilayotgan hosildorlik o‘rtacha 150-200 sentnerni tashkil etmoqda.
Shu o‘rinda, intensiv bog‘larning mahalliy bog‘lardan farqli jihatiga eʼtibor qaratsak, unda hosildorlik yuqori, suv sarfining kamligi, mevalarning bir-xilligi, zararkunanda va kasalliklarga chidamliligi va yetib pishilgan meva va uzum mahsulotlarining esportbopligini ko‘rishimiz mumkin.
Intensiv bog‘larning afzallik jihatlarini payqagan Samarqand viloyati Jomboy tumanidagi “Jomboy” MCHJ rahbari ham o‘ziga ajratilgan 777 gektar yer maydoniga intensiv bog‘ barpo etishga jazm etdi. Ushbu bog‘ning 350 gektariga olma, 378 gektariga olcha ko‘chatlari ekildi. Ko‘chat va mevalarni zararkunanda va hasharotlardan asrash maqsadida olmalarga mis kuporosi va boshqa kasalliklarga qarshi dori preparatlari sepildi.
Intensiv bog‘ga tashrif mobaynida ijodiy guruhimizning eʼtiborini tortgan jihat bu —olma daraxtlarining tagiga qora mato tortilgani bo‘ldi. Buning sababini “Jomboy” MCHJ agronomi Jasur Qodirov quyidagicha izohladi:
— Mevali daraxtlarning tagiga begona o‘tlar chiqmasligi uchun mana shu usulni qo‘lladik. Buning yana bir foydali tomoni, begona o‘tlarga qarshi dorilar ham sepilmaydi, mablag ham kam ketadi. Biz buning natijasini ko‘rdik, haqiqatan, begona o‘tlar deyarli chiqmayapti. Bu esa bog‘ni toza va begona o‘tlardan holi saqlashga, hosildorlikni oshishiga sabab bo‘ladi.
Intensiv bog‘ning 70 gektarlik maydonida “Gransimin”, 25 gektariga “Golden”, 16 gektariga esa “Gala” navli olma ko‘chatlari ekilgan. Eksportbop bo‘lgan ushbu olma navlarini hozirda mevalari pishish arafasida. Eng muhimi, ushbu navlar hosildorligi bilan ajralib turadi yaʼni “Golden” navli olmadan gektariga 40-50 tonna, “Gransimin” olmasidan esa, gektariga 50-60 tonna hosil terib olinadi.
Shuningdek, bog‘da olcha ko‘chatlari ham ekilgan. Olchaning bog‘da “Oblashenskiy” “Batirma” “Diterfka” navlari mavjud. Hozirda bog‘bonlar “Oblashenskiy” olchalarini danagini olib eksport qilishmoqda. “Batirma”ni esa qurutmasdan, ya‘ni barraligicha Rossiya Federatsiyasiga eksport qilinmoqda.
Ayni kunlarda bog‘da ish qizg‘in. Hademay, mevalar g‘arq pishadi va terim boshlanadi. Mahalliy bozorlarimiz va eksport bozorlari ushbu bog‘ning mevalaridan bahramand bo‘lishadi. Intensiv bog‘da yetishtirilayotgan mevalar va uning afzalliklari haqida videolavhamizda tomosha qiling.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: