Qishloq xo‘jaligi vazirining navbatdagi tashrif manzili “New agro sistem” fermer xo‘jaligi bo‘ldi. Bu yerdagi dala shiyponida viloyat fermer xo‘jaliklari va klaster rahbarlari, korxona mutasaddilari ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Аytish mumkinki, samimiy ruhda o‘tgan ushbu suhbatni bugungi kunda yer bilan tillashgan mirishkor dehqonlar bilan kechgan konstruktiv fikr almashuv desa bo‘ladi. Boisi, aynan shu yerda ekin mavsumiga xos bo‘lgan savollar bilan bir qatorda lizing, subsidiya masalalari, yangi texnologiyalarni joriy qilish, mavjud texnikalardan innovatsion usulda foydalanishga doir fikrlar o‘rtaga tashlandi.
Ushbu fermer xo‘jaligida ham aynan qaqrab yotgan toshloq yer maydonlari o‘zlashtirilib, 15 gektarida paxta, 18 gektar maydonga esa takroriy ekin sifatida kungaboqar ekib parvarishlanmoqda.
Eʼtiborlisi, ushbu paxta dalasida to‘liq tomchilatib sug‘orish texnologiyasi tatbiq etilgan. Qayd etilishicha, joriy yilda ushbu maydonda gektaridan 35-40 sentnerdan paxta hosilini olish reja qilinmoqda.
Shu yerda Aziz Voitov “New agro sistem” fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan 18 gektar maydondagi kungaboqar plantatsiyasini ko‘zdan kechirdi. Takroriy ekin sifatida kungaboqar ekib parvarishlanmoqda. Bu yerda gektaridan o‘rtacha hisobda 12 mln so‘mdan sof foyda olish imkoni mavjud. Demakki, takroriy ekin sifatida kungaboqar yaxshi samara bermoqda. Bundan oldin esa birinchi ekin sifatida g‘alla ekilgan va gektaridan 70-75 sentner hosil olishga erishilgan. Yerga qayta ishlov berilishi, suv tejamkorligi va sho‘rlanishni oldini olish kabi chora-tadbirlarni amalga oshirish hisobiga bu dalalarga yangi hayot ulashilmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: