Zamin o‘zining cheksiz imkoniyatlari bilan insoniyatni doim hayratlantirib, ruhlantirib kelgan. Ayniqsa, ekin ekishga yaroqsiz, tashlandiq yerni o‘zlashtirib, obod ekinzorga aylantirish insonning yerga bo‘lgan mehr-muhabbatidan, qo‘li gulligidan darak beradi.
2022-yilda Qashqadaryo viloyati Nishon tumani “Mehnatobod” hududiga qarashli zaxiradagi yer maydoni ham “Agrogold premium” MCHJga ajratib berilganida judayam tashlandiq, ko‘rimsiz holatda edi.
Ayni kunlarda ushbu yer maydonida kartoshka zamonaviy uskuna yordamida sug‘orilayotganini ko‘rib, ko‘zingiz quvnaydi. Korxonaning 100 gektar yer maydoniga kartoshkaning “Gala”, “Impala”, “Kolumba” navlari ekildi. Mazkur navlarning afzalligi shundaki, ular 60-70 kunda pishib yetiladi va aynan ushbu hududning tuproq iqlim sharoitiga mos.
O‘tgan yilda kartoshka asosan ichki bozorlar uchun yetishtirilgan bo‘lsa, bu yilgi hosilni nafaqat mahalliy, balki chet davlatlarning bozorlariga ham yetkazib berish maqsad qilingan. Hozirda Rossiya va Qozog‘istonga eksport qilish bo‘yicha shartnomalar imzolangan.
Suvni tejash va yerdan unumli foydalanish maqsadida bu yerda yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalari joriy etildi. Buning uchun Avstriyadan keltirilgan “Bauer” yomg‘irlatib sug‘orish uskunasi o‘rnatildi. Hozirga kunda ushbu uskuna yordamida kartoshkani sug‘orish yo‘lga qo‘yilgan. Qishloq xo‘jaligi vazirligi va “Bauer” kompaniyasi hamkorligida olib kelingan 4 mlrd so‘mlik yomg‘irlatib sug‘orish uskunasi bugun fermerning og‘irini yengil qilmoqda.
Bu tarzda sug‘orishning afzalligi shundaki, u suv va mineral o‘g‘itlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ekinning ildiziga yetib borishini taʼminlaydi. Shuningdek, suvni tejash orqali yerdan unumli foydalanishga erishiladi va ishchi kuchining ortiqcha sarflanishi tejaladi. Har biri 60 gektardan 120 gektar maydonni sug‘orish imkoniyatiga ega bo‘lgan qurilma suvni 50% ga tejaydi va yerning meliorativ holatini yaxshilaydi. Bu kabi innovatsion usulda ertagi kartoshka yetishtirishni yo‘lga qo‘yish orqali mahsulotning hosildorlik unumdorligini ikki barobarga oshirish mumkin. O‘tgan yili 25 tonna hosil olingan bo‘lsa, ushbu uskuna yordamida joriy yilda hosildorlikni 45-50 tonnaga yetkazish kutilmoqda.
An’anaviy tarzda 60 gektarli ekin maydonni 10 kun muddatda 7-8 nafar ishchi yordamida sug‘orib bo‘lish mumkin. Ushbu qurilma orqali esa, 60 gektar yer maydonini 18 soatda sug‘orish imkoniyati mavjud. Shuni alohida taʼkidlash joiz, ushbu qurilma, bitta yer maydonida ekilgan turli ekinlarni o‘zining namlik talab darajasiga qarab sug‘oradi.
Ushbu qurilmaning yana bir qulayligi shundaki, uni mobil telefon orqali masofaviy usulda yoki planshetda boshqarish mumkin.
Shuningdek, “Agrogold premium” MCHJning yer maydonida kartoshka hosili yig‘ishtirib olingach, karamning bir necha turlari, jumladan, rangli, oddiy va gulkaram, brokolli kabilar ekib, yetishtiriladi.
Avvallari faqatgina xorijiy davlatlarda foydalanilgan ushbu qurilmani bugun mamlakatimiz dalalarida ham ko‘rishning o‘zi qishloq xo‘jaligi sohasiga qaratilayotgan eʼtibor va imkoniyatlardan darak beradi.
“Bauer” kompaniyasining O‘zbekistondagi vakillari ushbu uskunani dalaga o‘rnatish va uni ishlatish tartiblari hamda uning texnik soz holatda ushlab turish bilan bog‘liq ishlarda fermer xo‘jaliklariga yaqindan yordam berishmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: