Shu kunlarda O‘zbekistonda Turkiya agrosug‘urta sohasi vakillaridan iborat delegatsiya ishchi tashrif bilan bo‘lib turibdi.
Turkiyada agrosug‘urta yaxshi rivojlangan. Ushbu mamlakat sug‘urta tashkilotlari Ozarbayjon qishloq xo‘jaligida ham sug‘urtalash tizimini tatbiq etishda qatnashdilar va bugungi kunda bu hamkorlik yaxshi natija ko‘rsatmoqda.
Agrosug‘urta tizimini takomillashtirish, sug‘urtalash orqali qishloq xo‘jaligi korxonalarini qo‘llab-quvvatlashda Turkiya tajribasini o‘rganishga alohida e’tibor berilgan. Bu borada ikki mamlakat vazirlarining o‘zaro muloqotlarida ham fikr almashilgandi. Mana shu hamkorlik davomi o‘laroq, bugun O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligida Turkiyaning “TARSIM” sug‘urta kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov agrosug‘urta sohasidagi Turkiya tajribasiga yuqori baho berib, O‘zbekiston sharoitida uni qo‘llash yaxshi natija berishiga umid bildirdi.
“TARSIM” kompaniyasi bosh direktori va direktorlar kengashi a’zosi Bekir Engurulu Turkiya tomoni O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini sug‘urtalash sohasida hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi va bu yo‘lda dastlab qilinishi lozim bo‘lgan ishlarni belgilab olishni taklif etdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda agrosug‘urta tizimini tashkil etish va rivojlantirishdagi hamkorlik ishlarini jadal boshlash, bu borada ishchi guruh tuzib, “Yo‘l xaritasini” ishlab chiqishga kelishib olindi. Shuningdek, hamkorlik uchun mustahkam zamin o‘laroq, O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Turkiya Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirligi o‘rtasida Anglashuv memorandumini imzolash masalasi ko‘rildi. Shuningdek, mehmonlar O‘zbekistonda agrosug‘urta yo‘nalishida oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish, buning uchun Turkiyadan shu soha professor-o‘qituvchilarini jalb qilish taklifini ilgari surdi.
Shuningdek, tashrif davomida Turkiya agrosug‘urta sohasi vakillari bir qator vazirlik va idoralarda, fermer xo‘jaliklarida bo‘lishlari ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot uchun: TARSIM – Turkiyaning agrosug‘urtaga ixtisoslashgan davlat sug‘urta kompaniyasi. Kompaniya 2005- yilda tashkil etilgan bo‘lib, Turkiya bo‘ylab 14 ta mintaqaviy vakolatxonasi va 7000 dan ortiq agentlariga ega. TARSIMning sug‘urtalash uchun olgan to‘lovlar miqdori 2,5 mlrd dollardan yuqori.
TARSIM kompaniyasining asosiy faoliyati qurg‘oqchilik, toshqinlar, yong‘inlar, epidemiyalar va boshqa kasalliklar kabi turli xil xatarlarga duch kelishi mumkin bo‘lgan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini moliyaviy himoya qilishdir. Kompaniya turli xil sug‘urta turlarini, shu jumladan ekinlarni sug‘urtalash, hayvonlarni sug‘urtalash, ob-havo sug‘urtasi va boshqa xizmatlarni taklif etadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: