O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahriri 2023-yil 1-maydan e’tiboran kuchga kirdi. Yangilangan Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklari kafolatlari sezilarli darajada kuchaytirildi, shuningdek konstitutsiyaviy huquq va erkinliklar doirasi kengaydi. Ayni kunlarda esa, yurtimiz bo‘ylab yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mazmun-mohiyatini tushuntirish yuzasidan turli targ‘ibot tadbirlari, uchrashuvlar o‘tkazib kelinmoqda.
Huddi shunday tadbirlardan biri Qishloq xo’jaligi vazirligida bo’lib o’tdi. Davlatimiz rahbarining 2023-yil 8-maydagi PF-67-sonli “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan ushbu o‘quv-seminarida Qishloq xo‘jaligi vazirligi markaziy apparati va hududiy boshqarmalari hamda tizim tashkilotlaridan jami 4150 nafar xodimlar onlayn va oflayn shaklda ishtirok etishdi.
Maxsatullo Maxsadov, Jamoat xavfsizligi universiteti yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent:
“Aynan bu o‘quv-seminarlarini tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad mamlakatimiz Prezidentining 2023-yil 8-maydagi 67-sonli “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida belgilab berilgan chora-tadbirlar bilan kengroq tanishishdan iborat. Farmonda uchta ustuvor vazifa belgilab berilgan. Birinchi ustuvor vazifa – bu barcha yo‘nalishlardagi tashkilotlarda Konstitutsiya normalarini ta’minlash, normativ-huquqiy hujjatlarni Konstitutsiyaga moslashtirish. Ikkinchi ustuvor vazifa – Konstitutsiya normalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri amaliyotda qo‘llashni joriy etish. Uchinchi ustuvor vazifa esa, Konstitutsiya normalarini amaliyotda qo‘llashda joriy qonunlarni yoki muayyan bir yo‘nalishlar bo‘yicha qonunlarni ijro etish mexanizmi belgilanmagan degan vajlarni mutlaqo olib tashlash bilan bog‘liq. Konstitutsiyamiz tahririga 65 foizdan ortiq o‘zgarishlar kiritilgan bo‘lsa, ushbu o‘zgarishlarning mazmun-mohiyati nimalardan iborat, asosan inson huquqlari, davlat boshqaruv tizimi, davlat suvereniteti, asosiy prinsiplar bilan bog‘liq bo‘lgan normalarda qanday o‘zgartirishlar kiritildi? Bu o‘zgartirishlarga bugungi kunda qanday zarurat bor edi? Shu kabi masalalar atroflicha o‘rganildi. Quvonarli jihati shundan iboratki, ekspertlarning ma’ruzalaridan so‘ng, soha mutaxassislari tomonidan dolzarb savollar bilan murojaatlar bo‘ldi. Bu esa Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati bo‘yicha soha xodimlarining bilimlari yuqori darajada ekanligini ko‘rsatdi”.
Seminardan ko‘zlangan maqsad tizimda faoliyat olib borayotgan xodimlarning huquqiy bilimlarini oshirishdan iborat. Zero, boshqaruvda konstitutsiyaviy normalarning ijrosini to‘liq ta’minlash, ularni davlat xizmatchisining har kunlik faoliyatiga tatbiq etish, pirovardida, “Inson qadri” tamoyili asosida xalqqa xizmat ko‘rsatishning sifat darajasini oshirishga xizmat qiladi.
Mashrabjon Abduvaliyev, Qishloq xo‘jaligi vazirligi Yuridik ta’minlash boshqarmasi bosh mutaxassisi:
“Bugungi tadbir Qishloq xo’jaligi vazirligi markaziy apparati hamda tizim tashkilotlari xodimlari uchun juda ham qiziqarli hamda muhim trening bo‘ldi. Mazkur seminar natijasida biz Konstitutsiyamiz inson huquqlari, manfaatlarini ro‘yobga chiqarishga qaratilganligi hamda O‘zbekiston nafaqat huquqiy demokratik davlat, balki ijtimoiy davlat deb belgilanganligining ahamiyatini teran angladik. Buni amalda tatbiq etish maqsadida yoshlar, xotin-qizlar, nogironligi bor shaxslarning ham huquqlari Konstitutsiyaviy norma darajasida belgilanganligi alohida ta’kidlab o’tildi. Konstitutsiyamizning mohiyatini oila-a’zolarimiz hamda hamkasblarimizga ham yetkazishga va Konstitutsiyamizning mazmun mohiyatini chuqur anglab yetishga harakat qilamiz”.
Tadbirda ishtirokchilarga Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mazmun-mohiyati Ichki ishlar vazirligi Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti mas’ul xodimi Ahror Xudoyberdiyev, Davlat boshqaruvi akademiyasi dotsenti, yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori Davron Bekchanov hamda Jamoat xavfsizligi universiteti yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Maxsatullo Maxsadov tomonidan tushuntirib berildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: