Joriy yilning 13-14-iyul kunlari Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining tizim tashkilotlari hamda hududiy boshqarmalarida faoliyat yuritayotgan inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘yicha mas’ul xodimlar uchun “Davlat fuqarolik xizmatida mehnat munosabatlari” mavzusida yangi mehnat kodeksini qo‘llash masalalari bo‘yicha o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi. Ikki kunlik ushbu o‘quv seminari Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamkorligida tashkil etildi.
O‘quv-seminarni tashkil etishdan asosiy maqsad yangi qabul qilingan Mehnat kodeksi va O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risidagi” qonuniga muvofiq mehnat munosabatlarini to‘g‘ri tashkil etish, ish beruvchilar va xodimlar o‘rtasidagi mehnat munosabatlariga oid huquqiy savodxonlikni oshirishdan iborat.
Tadbirda Qishloq xo‘jaligi vazirligi Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish boshqarmasi boshlig‘i Umida Saidova hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Хodimlarining malakasini oshirish markazi mas’ullari yangi Mehnat kodeksi bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berib o‘tdi.
Umida Saidova Qishloq xo‘jaligi vazirligi Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish boshqarmasi boshlig‘i: “Joriy yilning 30-aprelidan boshlab yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi kuchga kirdi. Shu munosabat bilan yangi Mehnat kodeksi bo‘yicha o‘quv trening mashg‘ulotlari, masofaviy seminarlar tashkil etilib, ijtimoiy tarmoqlarda malakali mutaxassislar tomonidan tushuntirishlar berib kelinmoqda. 2 kun davomida tashkil etilgan o‘quv mashg‘ulotlarimiz esa ko‘proq amaliyotda yuzaga kelayotgan muammoli masalalar, vaziyatlarni qonuniy hal etish, mehnat qonunchiligi asosida hujjatlarni to‘g‘ri rasmiylashtirishni tashkil etish bo‘yicha savollarga javob topishga qaratilgan”.
O‘quv-seminarning birinchi kunida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Xodimlarining malakasini oshirish markazi mutaxassisi Sevarxon Maripova ishtirokchilarga yangi Mehnat kodeksi bo‘yicha bir qator yangilanishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
– Hammamizga ma’lumki, avvalgi kodeksda 294 ta modda mavjud bo‘lgan bo‘lsa, yangilangan kodeksda esa bu ko‘rsatkich 581 tani tashkil etadi. Shu bilan birgalikda bir qator yangi institutlar kirib keldi. Ularni kunlik hayotda hamda mehnat faoliyatida qo‘llash uchun kadrlar inspektori, ish beruvchi shu bilan birgalikda xodimlar o‘z bilimlarini oshirishlari zarur”.
Umuman olganda mazkur o‘quv-seminari interaktiv savol-javob usulida tashkil etilgan bo‘lib, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
Sharofjon Boshmonov, Sirdaryo viloyati qishloq xo‘jaligi boshqarmasi inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish sho‘basi bosh mutaxassisi:
“Bugungi o‘quv-seminarida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Xodimlarning malakasini oshirish markazi mutaxassisi yangi Mehnat kodeksi bo‘yicha bir qator yangiliklarni bizga aytib o‘tdi. Bunda ishga qabul qilinayotgan xodimlarni qanday tartibda ishga qabul qilish, hujjatlarni rasmiylashtirish va ish jarayonida xodimlarning huquq va majburiyatlaridan qanday foydalanish kerakligi haqida bir qator tavsiyalar berdi”.
“Davlat fuqarolik xizmatida mehnat munosabatlari” mavzusida yangi Mehnat kodeksini qo‘llash masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan o‘quv-seminarining ikkinchi kuni ham qiziqarli bahs-munozaralarga boy bo‘ldi. Xususanб Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Xodimlarning malakasini oshirish markazi mutaxassislari yangi Mehnat kodeksida keltirilgan yangi institutlarni qo‘llash borasida bir qator yangiliklarning mazmun-mohiyati borasida yetarlicha tushunchalar berdi.
Hamidullo Qo‘chqorov, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Xodimlarning malakasini oshirish markazi mutaxassisi:
“O‘tkazilgan seminarda yangi Mehnat kodeksidagi yangi institutlar jumladan homiladorlik va tug‘ish ta’tillari, bola ikki va uch yoshga to‘lgunga qadar parvarishlash uchun beriladigan ta’tillar, oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida ta’lim olish munosabati bilan beriladigan ta’tillar borasida yangi o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumot berishga harakat qildik. Bundan tashqari intizomiy jazolarni qo’llash, xodimlarga beriladigan qo’shimcha kafolatli to’lovlarni berish tartibiga oid so’nggi o’zgarishtirish va qo’shimchalarning mazmun mohiyatini tushuntirib berdik.”
Xulosa qilib aytgan o’quv-seminar ajoyib ko’tarinki kayfiyatda o’tdi. Seminar qatnashchilariga Xodimlarning malakasini oshirish markazi “O’zbekiston Respublikasining yangi Mehnat kodeksi” yo’nalishi bo’yicha An’anaviy ta’lim shaklida davomiyligi 18 soatlik malaka oshirish o’quv kursini o’taganligi uchun sertifikatlar topshirildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: