Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov “Semurg Insurance” sug‘urta kompaniyasining kuzatuv kengashi raisi Georgiy Lavrishev bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda qishloq xo‘jaligi sug‘urta tizimining amaldagi holati va mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasida sug‘urta xizmatlarini ommalashtirish, ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda hosilni sug‘urtalash tizmini takomillashtirish zaruriyati xususida fikr almashildi.
Suhbat chog‘ida bugungi kunda iqlim o‘zgarishi, ob-havoning anomal isishi va sovishi natijasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga jiddiy zarar yetayotgani, buning oqibatida fermer xo‘jaliklari rahbarlari, dehqonlar va tomorqa yer egalarining mahsulot yetishtirishga bo‘lgan ishtiyoqi pasayayotgani hamda sug‘urta kompaniyalariga ishonchi kamayib borayotgani ta’kidlab o‘tildi.
Shuningdek, respublikada 34 ta sug‘urta kompaniyasi faoliyat yuritmoqda. Sug‘urta kompaniyalari qishloq xo‘jaligi korxonalariga xizmat ko‘rsatib kelishayotgan bo‘lishsa-da, mamlakat agrosug‘urta sohasida hali foydalanilmayotgan imkoniyatlar ko‘p. Ushbu imkoniyatlardan unumli foydalanish uchunsug‘urta kompaniyalaridan faollik talab etilishi aytib o‘tildi.
Uchrashuv davomida qishloq xo‘jaligi sug‘urta tizimi rivojlanayotgan Ozarbayjon, Turkiya va Ispaniyaning bu boradagi tajribasini o‘rganish va aniq takliflar tayyorlash maqsadida ushbu mamlakatlarga Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi va sug‘urta kompaniyalari mas’ul xodimlari xizmat safariga yuborilgani ta’kidlab o‘tildi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, joriy yilning may oyida Turkiya davlatining Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirligi va TARSIM sug‘urta kompaniyasining delegatsiyasi kelib mamlakatimizdagi qishloq xo‘jaligi sig‘urtasi holati va uni rivojlantirish bo‘yicha o‘z fikrlarini bergan edi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: