Yerning tuproq tavsifi, suv bilan ta’minlanganligi va hududning ixtisoslashuvi ekinlarni joylashtirish, ya’ni kelgusi yil hosili uchun rejalashtirish oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilsa, mazkur ma’lumotlarni shakllantirish davlat tomonidan mahsulot yetishiruvchilarni o‘z vaqtida qo‘llab-quvvatlashni tashkil etish uchun foydalidir.
Avval xabar berganimizdek, paxta, boshoqli don ekinlari va meva-sabzavotchilikni moliyalashtirish uchun “Agroplatforma” axborot tizimi ishlab chiqilmoqda. Vazirlik huzuridagi “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” DM va Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “Yagona integrator UZINFOCOM” MChJ bilan yaqin hamkorlikda ishlab chiqilayotgan ushbu platforma kompleks moliya xizmatlarni taqdim etishga mo‘ljallangan.
Vazirlik mazkur platformani amaliyotga joriy etish doirasida yana bitta raqamlashtirish loyihasini joriy etmoqda. Mazkur tizim “CropAgro” AT nomini olgan bo‘lib, undan yerdan foydalanuvchilarning ekin yerlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning aniqligi va dolzarbligini oshirish bilan birga, ularning ochiqligini ta’minlash, fermer va klasterlarning ekinlarni joylashtirish bo‘yicha takliflarini ko‘rib chiqishni tashkil etishga xizmat qilish maqsadida foydalanish ko‘zda tutilgan.
Joriy haftada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va viloyatlar qishloq xo‘jaligi boshqarmalari, Fermer va dehqon xo‘jaliklari kengashi, Suv xo‘jaligi vazirligi va tegishli tizim tashkilotlari uchun qishloq xo‘jaligi ekinlarini ochiq elektron xaritaga joylashtirishni “CropAgro” axborot tizimi yordamida yo‘lga qo‘yish, tizimning imkoniyatlari va unda ishlashda inson omilini qisqartirish, qulayligini oshirish masalalari yuzasidan seminar o‘tkazildi. Tadbirda, shuningdek, tizimda shakllantirilgan ma’lumotlar va hisobotlar avtomatik shakllantirilishi va ijtimoiy tarmoqlardagi maxsus kanallar orqali taqdim etib borilishi bo‘yicha ma’lumot berib o‘tildi.
Idoralar hamkorligida yaratilayotgan mazkur tizimda Kadastr agentligining axborot tizimlarida shakllantiriladigan birlamchi ma’lumotlar integratsiya orqali “CropAgro” axborot tizimiga kelib tushadi, fermerlarning yer chegaralari doirasida sug‘oriladigan va ekin ekilishi mumkin bo‘lgan yerlarning konturlariga aniqlik kiritiladi, tegishli idoralarning yer ball boniteti, suv bilan ta’minlanganligi, yerning ixtisosligi bo‘yicha xulosalari va yerdan foydalanuvchining takliflari asosida ekinlar joylashtiriladi va kelgusida banklar, sug‘urta va lizing kompaniyalari tomonidan mahsulot yetishtiruvchilarga moliyaviy xizmatlar ko‘rsatilishi uchun “Agroplatforma” ATga yuboriladi.
O‘tkazilgan onlayn seminar-trening qatnashchilari bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarning joriy holati, mazkur raqamlashtirish loyihasini amaliyotga joriy qilish bilan bog‘liq normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqilishi, kelgusida kutilayotgan o‘zgarish va yangiliklar to‘g‘risida dolzarb yangiliklardan xabardor bo‘ldilar, axborot tizimi bilan ishlash bo‘yicha malaka oshirdilar.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan yaqin davrda amaliyotga joriy etiladigan “CropAgro” va “Agroplatforma” axborot tizimlarining mahsulot yetishtiruvchilarga ko‘plab qulaylik yaratishi, resurslarning tejalishi va xizmatlarni ko‘rsatish sifatini oshirishga ko‘maklashishi ta’kidlab o‘tildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: