O‘zbekiston qishloq xo‘jaligidagi islohotlarda chorvachilik xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratiladi. Zero oziq-ovqat xavfsizligida mahalliy bozorni sut va go‘sht mahsulotlari bilan to‘liq ta’minlash alohida o‘rin tutadi.
Andijonlik tadbirkorlar ham, respublika qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasidagi chorvachilikning o‘rnini to‘g‘ri tushungan holda, fermer xo‘jaliklarida yirik va mayda shoxli qoramol parvarishlab, aholi dasturxoniga sut va go‘sht mahsulotlari taqdim etish yo‘lida unumli mehnat qilib kelmoqdalar.
Mahalliy va xalqaro banklar ajratayotgan mablag‘lar esa, chorvachalikni jahonning yetakchi genetika markazlaridan naslli qoramollarni keltirgan holda, yangi texnologiyalar asosida rivojlantirishga imkon bermoqda. Zero, chorvachilik rivojiga xalqaro kredit tashkilotlarning moliyaviy ko‘magini jalb qiilishda barqaror ishlab chiqarish salohiyatini yanada oshirish, sohada zamonaviy texnologik ish usullarini joriy etish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish orqali qishloq aholisining turmush darajasini yaxshilash va chorvachilik sektori daromadlarini oshirish ko‘zda tutilgan.
Buni Andijon viloyati Oltinko‘l tumanidagi “Baxt imkon rivoji” fermer xo‘jaligi faoliyatida ham ko‘rishimiz mumkin.
Ushbu fermer xo‘jaligi 2004-yilda tashkil topgan. Xo‘jalik qoshidagi fermada asosan sut yo‘nalishida yirik shoxli qoramollar parvarishlanadi. Ularning bari Avstriyadan keltirilgan sersut naslli chorva bo‘lib, fermer xo‘jaligida joriy etilgan zamonaviy texnologik ish usullari tufayli qisqa fursatda bir necha barobarga ko‘paygan. 400 bosh qoramol keltirilgan bo‘lsa, bugungi kunda fermer xo‘jaligidagi qoramollar 1000 boshdan oshgan. Sog‘ib olinayotgan sut hajmi ham shunga yarasha – kuniga 24-25 tonnani tashkil qiladi.
“Baxt imkon rivoji” fermer xo‘jaligi o‘zida sog‘ib olinayotgan sutni shu yerning o‘zida qayta ishlaydi – sut xom ashyosi fermer xo‘jaligini bir necha turdagi pishloq, brinza va boshqa tayyor mahsulotlar ko‘rinishida “tark” etadi.
Qishloq joylarida zamonaviy chorvachilik komplekslarini tashkil qilish soha rivojiga hissa qo‘shishi, aholining sut-go‘sht mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish barobarida yana bir muhim ijtimoiy-iqtisodiy funksiyani bajaradi – aholini yuqori daromadli ish bilan ta’minlanishiga xizmat qiladi. Chunonchi, “Baxt imkon rivoji” fermer xo‘jaligida bugungi kunga kelib 120 dan ziyod aholi doimiy ish bilan ta’minlangan.
Yusufbek Ibragimov, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazining Andijon viloyatidagi koordinatori:
“2020 yilda xalqaro bank mablag‘lari hisobidan, Avstriyadan 1 mln AQSH dollariga 400 bosh naslli qoramol keltirilgan. Sut yo‘nalishi bo‘yicha. Hozirgi kunda mingdan ziyod naslli qoramol parvarish etilmoqda. Kuniga 24-25 tonna sut sog‘ib olinadi. Fermer xo‘jaligining o‘zida sutni qayta ishlash yo‘lga qo‘yilgan. Bu sexda sutdan bir necha turdagi pishloq, brinza va boshqa mahsulotlar tayyorlanadi”.
Bilamizki, chorvachilik qishloq xo‘jaligining asosiy sohalaridan biridir. Uning hisobiga qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarilgan YaIMning qariyb 50 foizi to‘g‘ri keladi. Bu raqam zamirida esa, Oltinko‘l tumanidagi “Baxt imkon rivoji” fermer xo‘jaligi va u kabi chorvadorlarning samarali mehnatlari yotganini doim yodda tutamiz.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: