O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov rahbarligida mamlakat agrar sohasi oldida turgan dolzarb masalalar va galdagi vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Videokonferens-aloqa asosida tashkil etilgan yig‘ilishda vazirlik markaziy apparati mutasaddilari, tizim tashkilotlari rahbarlari, hududlardagi qishloq xo‘jaligi boshqarmalari boshliqlari qatnashdilar.
Tadbirni kirish so‘zi bilan ochgan vazir Aziz Voitov kun tartibida turgan birinchi masala – bu yilgi g‘alla o‘rim-terimini yakunlash mavzusiga to‘xtaldi. Vazir ta’kidlaganidek, shu kunga qadar 8,1 mln tonnadan ziyod g‘alla yig‘ib olindi. 2 mln tonnadan ortiq mahsulot don zaxirasi uchun jamg‘arildi. Bu yo‘nalishda respublika bo‘ylab 37 000 dan ortiq fermer xo‘jaliklari jonbozlik ko‘rsatdilar.
G‘alladan bo‘shagan maydonlarga 2023-yil hosili uchun takroriy ekinlarni ekish masalasi bugungi kunda alohida dolzarblik kasb etayotganini tilga olgan vazir ushbu yo‘nalishdagi ishlarni jonlantirish uchun maxsus ishchi guruhlar tuzilib, ular bevosita joylarda hududiy boshqarmalar bilan bir yoqadan bosh chiqarib ishlayotganligini qayd etdi.
Bu yil 905 ming gektar g‘alladan bo‘shagan yerga takroriy ekin ekish mo‘ljallangan bo‘lsa, shu kunga qadar 803 ming gektar yerga ekin ekilganligi aytib o‘tildi.
Yig‘ilishda hududiy boshqarmalar boshliqlari videokonferens-aloqa orqali so‘zga chiqib, bu borada olib borilayotgan ishlar, mavjud muammolar va ularni hal qilish uchun ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdilar. Vazir ularning ma’lumotlarini tinglab, vazirlik tomonidan nima yordam kerak bo‘lsa, barchasi ko‘rsatilishini bildirdi.
Takroriy ekinlar ekishni yanada jadallashtirish, ularni diversifikatsiya qilish orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga e’tibor berilishi lozimligi ta’kidlandi. Shuningdek, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri o‘tkazish, suv resurslaridan foydalanishni davr talablari asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Bundan tashqari, tadbirda paxta yetishtirishda agrotexnik tadbirlarni yuqori darajada tashkil etish, 2023-yil kuz faslida bog‘ va tokzorlar barpo etish, 2024-yil hosili uchun qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish masalalari ham muhokama etildi, tegishli topshiriqlar va tavsiyalar berildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: