Yurtimizda meva-sabzavotchilik uchun juda qulay muhit mavjud. Qishloq xo‘jaligida tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun yaratilgan imkoniyatlar va imtiyozlar esa, qalbida qo‘ri bor har bir inson uchun agrobiznes bilan shug‘ullanishda ajoyib sharoitlarni yaratmoqda.
Mana shunday vatandoshlarimizdan biri – Qashqadaryoning Yakkabog‘ tumanilik Gulsanam Jo‘raqobilova 2005-yilda o‘z tumanida bog‘ yaratishni niyat qiladi. Shu maqsadda “DARMON FARM” korxonasini tashkil etadi.
“Ko‘chat ekishning o‘zi bilan hosilga erishib bo‘lmaydi, hosil terishning o‘zi bilan – samaraga”, degan tamoyilga tayangan tadbirkor erishilgan hosilni qayta ishlashni, bozorga tayyor mahsulot chiqarishni rejalashtiradi.
Rejasiga muvofiq, korxonasining faoliyatini ikki katta yo‘nalishga ajratadi: bog‘dorchilik hamda mevani quritish, qayta ishlash va meva sharbati hamda pyuresini ishlab chiqarish.
Tuman hokimligi tadbirkorning tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, bog‘ uchun jami 484,8 gektar yer ajratib beradi. Shundan 200 gektarga zamonaviy intensiv bog‘, 84,8 gektarga mahalliy bog‘ barpo etiladi. 210 gektar yerda esa uzumzor tashkil qilinadi.
Bu ishlar aytishga oson. Bog‘larda har bir ko‘chatning tutib ketishi, hosilni nes-nobud qilmay yig‘ish, qayta ishlash, xodimlarni boshqarish – eh-hey, bularni aytib adog‘iga yetib bo‘lmaydi.
Tadbirkor esa, muammolar oldida yengilmay, erishilgan yutuqlar bilan kifoyalanmay, olg‘a intilaverdi. Uzoq o‘rganishlar, qiyoslash va saralashlar samarasi o‘laroq, Avstriya, Polsha, Italiyadan mevani qayta ishlovchi zamonaviy uskunalar keltirildi. Rossiyadan 5000 tonnali keskin muzlatish imkoniyatiga ega muzlatish ombori olib kelindi. Faoliyat kengayib, yiliga 20 000 tonna mahsulotni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lindi. Ishchilar soni yuzdan oshdi.
Hozirda korxona soatiga 5 tonna meva-sabzavotni qayta ishlab, pyure tayyorlamoqda. Shuningdek, soatiga 2 tonna olmani qayta ishlab, sharbat ishlab chiqarmoqda. Bir necha turdagi sabzavot barra va muzlatilgan holida xorijga eksport qilinmoqda.
Eng muhimi – “DARMON FARM” korxonasida ishlab chiqarilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri siqib olingan meva-sabzavot sharbati va bolalar ozuqasi uchun meva-sabzavot pyuresi o‘zining sifati, vitaminlarga boyligi bilan xaridorlarni, yakuniy iste’molchilar bo‘lmish aholining dasturxonidan joy olmoqda.
Sardor Xolyorov, “DARMON FARM” korxonasi texnologi:
“Bog‘larimizda asosan olma va uzum yetishtiriladi. Qator oralariga brokkolo va gulkaram ekilgan, shuningdek, aysberg navli karam ham yetishtiramiz. Karamni barra va muzlatilgan holda Rossiyaga eksport qilyapmiz. Korxonamizdagi meva-sabzavotlarni qayta ishlash zavodida danakli va danaksiz mevalarni qayta ishlaymiz. Bundan tashqari, bolalar uchun servitamin mevali bo‘tqa ishlab chiqarish seximiz ham mavjud. Asosiy faoliyatimiz eksportga yo‘nalgani bois, qayta ishlangan mahsulotlarni xorijga sotyapmiz. Korxonamizning doimiy ishchilari soni 100 dan ziyod. Shuningdek, har yili 200-250 nafar mavsumiy ishchilarni ham jalb qilamiz”.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: