O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi xodimlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona, Andijon viloyatlari tadbirkorlaridan iborat delegatsiya Germaniya qishloq xo‘jaligi kooperativlarini rivojlantirish tajribalarini o‘rganish bo‘yicha o‘quv-amaliy safarda bo‘lishdi. Ushbu safar Germaniya Xalqaro Hamkorlik Jamiyati (GIZ)ning “O‘zbekiston hududlarida iqtisodiy islohotlar va barqaror iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida tashkillashtirildi. O‘zbekistonlik agrar soha vakillari Germaniyadagi fermer xo‘jaliklari, kooperativlarga tashrif buyurishdi, Gissen shahridagi Yustus Libix universiteti Xalqaro rivojlanish va ekologik tadqiqotlar markazining olimlari bilan uchrashishdi.
Delegatsiyaning ilk tashrif manzili Lyudvigsburg shahri Lyudvigsshuxe hududidagi “Zimmermann vinochilik” oilaviy fermer xo‘jaligi bo‘ldi. Fermer xo‘jaligi joylashgan ushbu hudud uzumchilik va vino ishlab chiqarish bo‘yicha 180 yillik tarixga ega. 48 gektar maydonni egallagan xo‘jalikning 23 gektarida uzum, 25 gektarida g‘alla, arpa, qand lavlagi kabi bir yillik ekinlar ekiladi. Bu yerda10 xil uzum navlari ekilib, intensiv usulda mahsulot yetishtirish va uni to‘liq qayta ishlash joriy etilgan.
Delegatsiya vakillari tashrifning ikkinchi kunida Bonn shahrida Germaniya milliy kooperativlari va Rayffayzen konfederatsiyasi hamda Xalqaro Rayffayzen ittifoqi vakillari bilan uchrashishdi. Tadbirda “Germaniya milliy kooperativlari va Rayffayzen konfederatsiyasi: kooperativ qonunchiligi va siyosati” hamda “Xalqaro Rayffayzen ittifoqi: kooperatsiyani rivojlantirish uchun xalqaro federatsiyaning roli” mavzusidagi taqdimotlar o‘tkazildi. Maʼlumot o‘rnida, Germaniyada kooperativlarga birlashish g‘oyasi 1818-1888-yillarda yashagan Fridrix Vilgelm Rayffayzen tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, u bugungacha amal qiladi.
Germaniyada 1889-yilda Milliy kooperativ kodeksi qabul qilingan va 1935-yilda unga ayrim o‘zgartishlar kiritilgan. Ushbu qonun 150 yilga yaqin tarixiy davrda bugungi kungacha iqtisodiyotning bank, qishloq xo‘jaligi, savdo va marketing, energetika, xizmat ko‘rsatish sohalarida 800 mln aʼzolardan iborat 900 ming kooperativlar faoliyatini to‘liq tartibga solib kelmoqda.
Vuttenberg Bodenze hududi (viloyati) Krestbron shahridagi mevalarni saqlash, saralash va qadoqlashga ixtisoslashgan “Bayva” korxonasi faoliyati bilan tanishildi. Bu yerda ish jarayonlari to‘liq avtomatlashtirilgan tarzda bajariladi. Mahsulotning sifat ko‘rsatkichlari, uning navlari va asosiy mezon haqida fermerlarga onlayn maʼlumotlar beriladi.
Delegatsiya azolari Württembergische Obstgenossenschaft Raiffeisen (WOG) mevachilik kooperativi faoliyati tajribasini ham o‘ragnishdi. WOG 1990-yilda tashkil topgan va ishlab chiqaruvchilar tashkiloti sifatida tan olingan.
Kooperativga aʼzolar erkinlik asosida qabul qilinadi. U aʼzolariga resursdan foydalanish, maslahatlar berish, agrotexnikani monitoring qilish, qayta ishlash va sotishni tashkil qilib, daromadni ular o‘rtasida taqsimlanishini taʼminlaydi.
“Bernxard» olma yetishtiruvchi fermer xo‘jaligiga tashrif buyurgan delegatsiya vakillari bu yerdagi 60 gektarga ekilgan olma, 23 gektardagi xmel, 6 gektardagi rezavor meva maydonlarni ko‘zdan kechirishdi. Eʼtiborlisi, ushbu fermer xo‘jaligiga ajratilgan 90 gektar yer maydonining atigi 15 gektari fermerning xususiy yeri, qolgan 75 gektari esa boshqa yer egalaridan ijaraga olingan. Fermer xo‘jaligi olma yetishtirish, mahsulot sotish bo‘yicha kooperativ aʼzosi hisoblanadi. Fermer xo‘jaligidagi olma bog‘ining 0,4 gektarida daraxtlarga soya qiluvchi to‘rlar o‘rniga elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi quyosh panellari o‘rnatilgan va ilmiy institut bilan hamkorlikda tajriba olib borilmoqda.
Shuningdek, Sabzavotchilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaligi faoliyati ham o‘rganildi. Qulupnay va bug‘doy, suli yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi “Wetterauer Früchtchen” fermer xo‘jaligi 250 gektar maydonni egallagan bo‘lsa, shundan 50 gektari xususiy va qolgan 200 gektari ijaraga olingan. Ushbu fermer xo‘jaligi asosan qulupnay yetishtirishdan yuqori daromad topadi. Fermer xo‘jaligi mustaqil ravishda mahsulotlarini sotish, bozorda ularning narxlari va resurslar bahosini tahlil qilish bo‘yicha marketing tadqiqotlarini olib boradi.
Tashrifning so‘nggi kunlarida Gissen shahridagi Yustus Libix universiteti Xalqaro rivojlanish va ekologik tadqiqotlar markazining Qishloq xo‘jaligi siyosati va tadqiqotlar instituti professori Martin Petrik va professor Rayner Kuxl bilan uchrashishdi. Unda “Qishloq xo‘jaligida kooperativlarni tashkil qilish” mavzusida nazariy – amaliy tajribalarni almashishdi.
Shuningdek, O‘zbekistondan mazkur institutda “Qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish” yo‘nalishi bo‘yicha doktoranturasida ilmiy ish olib borayotgan yosh tadqiqotchilarning izlanishlari bilan tanishildi.
Germaniyaga uyushtirilgan safar davomida O‘zbekiston agrar soha vakillari ularning sohadagi ilg‘or tajribalarini respublikamizda ham joriy etish, mahalliy, hududiy ва milliy darajadagi kooperativlar tuzilmasi amaliyotlarini bosqichma-bosqich tadbiq etish, xususan, O‘zbekistonda kooperativlar faoliyatini tartibga solish bo‘yicha huquqqiy bazani yaratishga oid xulosalarga kelishdi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: