Talabalik eng ajoyib, betakror davrdir! Yoshlik, ilm, izlanish, intilish, yuksalish barcha-barchasi aynan ushbu baxtga erishgan talaba yigit-qizlarda mujassam. Mana uch oylik taʼtildan so‘ng oliygohlarimizda yana jo‘shqin hayot qaynamoqda. Eng unutilmas lahzalar esa aynan talabaning ilk bor oliygoh ostonasidan hatlab, tanishtiruv lahzalariga oshno bo‘lgan kuni bo‘lsa kerak. 11-sentyabr kuni o‘ziga xos yo‘nalish va taʼlim tizimiga ega bo‘lgan Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetida ham joriy yilda qabul qilingan talabalar uchun o‘quv yilining boshlanishi va tanishuv haftaligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti rektori Munira Aminova so‘zga chiqib, talabalarni samimiy qutladi va universitet faoliyatiga to‘xtalib o‘tdi:
“Avvalambor, sizlarni universitetimizning talabalari safiga qo‘shilganingiz bilan tabriklayman va katta bir oilamizga kelganingizdan judayam mamnunmiz! Maʼlumki, Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-237-sonli Farmoniga ko‘ra 2022-yilda Qirol Charlz III homiyligida faoliyat yuritayotgan Britaniyaning taniqli ta‘lim muassasasi – Qirollik qishloq xo‘jaligi universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan. Shu bois ham Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti bitiruvchilari Toshkentda nafaqat ilg‘or bilim va ko‘nikmalarga, balki Britaniyaning nufuzli universiteti diplomiga ham ega bo‘ladilar. Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetida (International Agriculture University) Oziq-ovqat xavfsizligi va uni boshqarish, Agrologistika, Agroiqtisodiyot va aqlli qishloq xo‘jaligi va texnologiyalari fakultetlari mavjud. Maktabdan so‘ng katta yo‘l — universitet hayotiga kirish va ko‘nikish, turli tajribalarni izlash va o‘z ustingizda ishlash vaqti keldi. Bu yil universitetimizga juda ko‘p abituriyentlar hujjatlarini topshirishdi va biz ularning orasidan 160 nafarini saralab oldik. Bu talabalar asosan ingliz tilida dars o‘tiladigan guruhlarga qabul qilindi. Bundan tashqari, bu yilda magistratura yo‘nalishini ham tashkil etdik va bu yo‘nalishga ham 20 nafarga yaqin abituriyentlarni talabalikka qabul qildik. Shuningdek, 3 nafar xorijiy talaba o‘qishi kutilmоqda. Unutmang, har bir sohada faqatgina uning haqiqiy bilimdonlari va mutaxassislari bo‘lishi kerak. Sizlar ham qishloq xo‘jaligida yetarli bilim va tajribaga ega bo‘lgan va qishloq xo‘jaligini yuksak yutuqlarga erishtiradigan mutaxassislar bo‘lib yetishishingizni istaymiz!”
Ushbu universitetning eng katta yutuqlaridan biri bu yerda dunyoning eng rivojlangan davlatlarining professor-o‘qituvchilari talabalarga dars beradi, o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashishadi. Universitetda darslar ingliz tilida olib boriladi va bugungi kunda AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya, Polsha, Meksika, Hindiston kabi davlatlardan o‘n nafar xorijlik professorlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Talabalar o‘qish davomida egallagan bilimlarini xorijiy ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda amaliyot o‘tash imkoniyatiga ham ega bo‘lishadi. Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetida ish boshlagan o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor, professor Nikola Kаnnon ham talabalarga sohani chuqurroq o‘rgatish niyatida.
“Men ushbu universitetga o‘tgan yil tashrif buyurdim va bundan judayam xursandman! Ushbu oliygohda tahsil oladigan talabalar Britaniyada ham tahsil olishadi, amaliyot o‘tashadi. Qishloq xo‘jaligi, xususan oziq-ovqat xavfsizligi bugun nafaqat mamlakatning, balki dunyoning eng muhim mavzusiga aylangan. Shu bois ham bu tarmoqqa bilimga, kuch-quvvatga to‘la yosh mutaxassislar kerak va talabalar bunga haqiqiy mehr va motivatsiyalarini bag‘ishlashlari kerak deb o‘ylayman. Talabalar bilan birgalikda, hamjihatlikda ishlashlaridan mamnun bo‘lamiz. Eng asosiysi, talabalarimiz biz bilan bemalol muloqotga kirishib, bilmaganlarini so‘rab o‘rganishlari aynan qishloq xo‘jaligidagi muammolarning kelgusidagi yechimi bo‘lishi mumkin”, — deydi Nikola Kаnnon.
Shuni ham aytish joizki, ushbu tadbirda nafaqat birinchi bosqichga qabul qilingan talabalarni munosib kutib olindi, balki ularga o‘rnak bo‘lishi uchun ikkinchi bosqichda aʼlo baholarga o‘qib, namunali xulqi bilan boshqa talabalarga ham o‘rnak bo‘lgan ikki nafar talabalarga maqtov yorlig‘i va esdalik sovg‘alari topshirildi.
AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) vakili Mansurjon Rasulev ham yangi qabul qilingan talabalar bilan o‘z tajribalarini o‘rtoqlashib, tadbirni o‘zining ishtiroki bilan bezadi. U O‘zbekiston qishloq xo‘jaligidagi ahvol va mavjud muammolarga oydinlik kiritdi. Uning soʻzlariga koʻra, Xalqaro qishloq xoʻjaligi universiteti Oʻzbekistondagi eng yaxshi taʼlim muassasalaridan biri boʻlib, talabalarga oʻsish va bilim olish uchun noyob imkoniyatlarni taqdim etadi.
– Bugungi o‘quvchilarda hech qachon bo‘lmagan imkoniyatlar mavjud, – deydi Mansurjon Rasulev. IAU Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi sohasidagi kamchiliklarni bartaraf etishga yordam beradigan boʻlajak yetakchilarni yetishtirish yoʻlida. Siz talabalar esa bu yerda ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lganingizdan faxrlanishingiz lozim va sizni ushbu ajoyib ta’lim sayohatidan maksimal darajada foydalanishingizni so‘rab qolaman”.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: