Samarqandda bo‘lib o‘tgan konferensiyada oziq-ovqat xavfsizligi borasidagi masalalar muhokama qilindi va yechimlar izlandi.
Yana bir muhim yo‘nalish – qishloq xo‘jaligi oziq-ovqat mahsulotlarining zarur hajmlarda yetishtirilishi yo‘lida suvdan foydalanish tizimini takomillashtirishga alohida ahamiyat qaratildi. Zero, tomchilatib sug‘orish texnologiyalarining joriy qilinishi mineral o‘g‘itlar hajmini qisqartirish imkonini beradi. Bu esa, yetishtirilayotgan oziq-ovqat tannarxini pasaytirish va yer sifati yomonlashishi muammosini hal etishga xizmat qiladi.
Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiyada qatnashgan Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri Mirzoolim Avliyakulov suv muammosi eng dolzarb muammolardan ekanligi, uni hal etish borasida yurtimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani haqida alohida ta’kidlab o‘tdi.
“O‘zbekiston Respublikasidagi katta maydonlarda hozirgi kunda suv tejovchi texnologiyalar joriy etib kelinmoqda. Ulardan eng afzali tomchilatib sug‘orish deb e’tirof etilmoqda. Masalan, suv tejovchi texnologiyalar orasida tomchilatib sug‘orish, yomg‘irlatib sug‘orish, diskret usulida sug‘orish, shuningdek lazerli tekislash yordamida suvni tejashga qaratilgan turli xil texnologiyalar joriy etilgan. Shularning ichida eng ommabopi – bu tomchilatib sug‘orishdir. Uning bir qator afzalliklari mavjud. Tomchilatib sug‘orish asosan paxta maydonlarida keng qo‘llanilib kelmoqda. Bunda 40-45 foizgacha suv resurslarini tejash imkoniyatlari yaratilyapti. Bundan tashqari, tomchilatib sug‘orish tufayli suvda eruvchan o‘g‘itlarni o‘simlik oson o‘zlashtiradigan shaklda qo‘llash imkoniyati yaratiladi. Buni qo‘llash natijasida o‘g‘itdan foydalanish samaradorligini kamida 20-25
foizgacha oshirish mumkin bo‘ladi. Samarqand konferensiyasi doirasidagi ko‘rgazmaga paxtaning turli xil rangdagi 7 xil navini olib keldik. Bu asosan keyinchalik organik paxta yetishtirish imkoniyatini vujudga keltirish uchun xizmat qiladi. Hozir bilamizki, har xil allergik kasalliklar mavjud. Ayniqsa, chaqaloqlarning kiyimi uchun tabiiy rangli tolalardan foydalansak, bir qancha kasalliklarni oldini olgan bo‘lar edik. Bundan tashqari bizda har xil sug‘orish jarayoniga oid smart texnologiyalar mavjud, ya’ni aqlli sug‘orish tizimi. Bu avtomatlashtirilgan tizimga asoslangan sug‘orish texnologiyalaridan foydalanish demakdir. Biz xalqaro olimlar, ekspertlar bilan birgalikda mana shu masalalarni muhokama qilib, keyinchalik shu jarayonlarning innovatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha ishlarni yo‘lga qo‘ymoqchimiz”.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: