Mamlakatimizda aholini oziq-ovqat xavfsizligi bilan taʼminlash, ichki bozorda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni yetishtirish, zarur zahiralarni shakllantirish muhim ahamiyatga ega.
Bu borada joriy yilda aholini bug‘doy va un mahsulotlari bilan barqaror taʼminlash maqsadida respublikamizda 1 mln 27 ming gektar yer maydonida bug‘doy ekildi, natijada joriy yilning iyun-iyul oylarida 7 mln 679 ming tonna hosil yetishtirish rejalashtirilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 1 million tonnaga ko‘p.
Shuningdek, 2021-yil hosilida 6 mln 656 ming tonna bug‘doy yetishtirilgan bo‘lib, shundan 2 mln 533 ming tonnasi respublika don zahiralari uchun “O‘zdonmaxsulot” AJ hududiy korxonalarida jamg‘arilgan, 4 mln 123 ming tonnasi fermer va aholi ixtiyorida qolgan.
O‘tgan yil yakuniga qadar 2 mln 771 ming tonna bug‘doy doni va 357,7 ming tonna un xususiy sektor tomonidan asosan Qozog‘iston Respublikasidan import qilingan hamda 26,8 ming tonna bug‘doy doni (Tojikiston Respublikasiga 94% va Qirg‘iziston Respublikasiga 6%) va 949,1 ming tonna un (1 mln 265 ming tonna bug‘doy hisobida) Afg‘oniston Islom Respublikasiga eksport uchun yo‘naltirilgan.
2022-yilda aholini shakar mahsulotlari bilan kafolatli taʼminlash maqsadida respublikamizda 600 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Shuningdek, 2021-yilda 595,5 ming tonna shakar (2020-yilga nisbatan 315,1%) “Angren shakar” MCHJ va “Xorazm shakar” MCHJ korxonalari tomonidan ishlab chiqarildi.
Mazkur korxonalar tomonidan 2021 yil va 2022-yil yanvar-fevral oylarida tovar xomashyo birjasiga aholi ehtiyojini qoplash maqsadida har oyda 30 ming tonnadan kam bo‘lmagan miqdorda shakar savdoga qo‘yilgan.
O‘tgan yil yakuniga qadar 23 ming tonna shakar (o‘tgan davrga nisbatan 344 ming tonnaga kamaygan) va 620 ming tonna shakar xomashyosi (o‘tgan davrga nisbatan 423 ming tonnaga oshgan) Braziliyadan import qilingan va 25 tonna shakar Afg‘oniston Islom Respublikasiga eksportga yo‘naltirilgan. Rossiya Federatsiyasi tomonidan kiritilgan vaqtinchalik cheklovlar mamlakatimizda mazkur mahsulotlar hajmiga taʼsir ko‘rsatmaydi.
Qayd etish kerakki, Prezidentning PQ–3818-son qaroriga ko‘ra oq shakar importiga bojxona qiymatining 20 foiz miqdorda bojxona boji stavkasi hamda Soliq kodeksining 289-moddasiga asosan 20 foiz miqdorda aksiz solig‘i undirilishi belgilangan.
2022-yil mart-may oylarida taʼminotchilardan yana qariyb 180 ming tonna xomashyo yetib keladi. Bundan tashqari joriy yil iyun-oktyabr oylarida 200 ming tonna shakar xomashyosi olib kelish rejalashtirilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, respublikada aholi va korxonalarning talabini uzluksiz, yetarli miqdorda va barqaror narxlarda bug‘doy, un, shakar mahsulotlari bilan taʼminlash hamda ichki bozorlarda narxlarning keskin o‘zgarishining oldini olish to‘liq taʼminlangan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: