Respublika ekin maydonlarida zarur agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish uchun hozirgi kunda 267 mingdan ortiq qishloq xo‘jaligi texnikasi va agregatlari mavjud. Ushbu texnikalarning 38 foizi maʼnan va jismonan eskirgan hamda 15 yildan ortiq vaqt davomida foydalanib kelinmoqda. Bu esa o‘z navbatida agrotexnik tadbirlarni vaqtida va sifatli o‘tkazishga to‘sqinliq qilmoqda.
Qishloq xo‘jaligida texnika bilan taʼminlanganlik darajasi:
– paxtachilik va g‘allachilik yo‘nalishlarida – 90 foiz;
– sabzavotchilik va polizchilik – 45 foiz;
– chorvachilik yo‘nalishida – 48 foiz;
– hamda bog‘dorchilik va uzumchilik yo‘nalishlarida – 36 foizni tashkil qiladi.
Ilgari texnika parkini yangilash darajasi yiliga 3-4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, oxirgi yillarda bu ko‘rsatkich yiliga 10-12 foizga yetdi va keyinchalik 13 foizga oshib, texnika parkining taʼminlanish darajasi 80 foizga yetkazildi.
TEXNIKA QISHLOQ XO‘JALIGI SAMARADORLIGINI OSHIRADI
Texnika parkining yangi qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan kengaytirilishi hisobiga chigit ekish mavsumini 15 kundan 10 kunga, g‘alla o‘rish mavsumini 30 kundan 20 kunga hamda shudgorlashni 25-30 kungacha qisqartirish imkoni tug‘ildi.
O‘z navbatida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida sifatli o‘tkazilishi natijasida, hosildorlikni 8-10 foizga oshirishga erishildi.
O‘Z YECHIMINI KUTAYOTGAN MUAMMOLAR
Respublikada sabzavot, poliz va kartoshka ekinlariga hamda bog‘ va tok qator oralariga ishlov beradigan texnikalar bilan ta’minlanganlik darajasi hamon me’yor darajasidan pastligicha qolmoqda.
Intensiv bog‘ va tokzorlarda qator orasiga ishlov beradigan resurstejamkor, ish unumdorligi yuqori minitexnika, sabzavot va kartoshka ekinlarini ekadigan, hosilini yig‘ib oladigan texnikalar deyarli mavjud emas.
Shuningdek, g‘o‘za qator orasiga hamda ochiq maydonga ekadigan yuqori unumli zamonaviy reusurstejamkor, kombinasiyalashgan don ekish seyalkalari bilan ta’minlanish darajasi talab darajasidan past.
QANDAY IMTIYOZ VA SUBSIDIYALARDAN FOYDALANISH MUMKIN?
So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sohada texnika ta’minotini yaxshilash va mexanizatsiya darajasini oshirish bo‘yicha bir qator qarorlari qabul qilindi va imtiyozlar berildi:
– jumladan, respublikada ishlab chiqarilgan texnikalarni sotib oluvchilarga bank kreditlari va lizing bo‘yicha belgilangan foiz stavkasining 10 foizini Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplash;
– Jizzax, Qashqadaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan paxta terish mashinalari xizmatidan foydalanganlik uchun xarajatlarning 30 foizini davlat tomonidan qoplab berish;
– respublikada ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi texnikalari xarid qilinganda, texnika qiymatining 15 foizi miqdorida subsidiyalash mexanizmlari joriy etildi.
AGROTEXNIKA PARKI: BAHORGA SHAY HOLATDA
Ma’lumki, mexanizatorlar, mashina-traktor parklari va texnik servis korxonalari muhandis-texnik xodimlari, chilangarlari va payvandchilari uchun qish oylari ham ish oylaridir. Zero, bu davrda dala ishlaridan bo‘shagan traktor va qishloq xo‘jaligi mashinalari ta’mirga tortiladi, ustaxonalarda yuvib-tozalanadi, qismlarga ajratiladi, diagnostikalab, soz va nosozlarga saralanadi, nosozlari ta’mirlanadi, mashinalar qayta yig‘ilib chiniqtiriladi.
Bugungi kunda bahorgi dala ishlarida qatnashadigan jami 143,2 ming dona qishloq xo‘jaligi texnikasi va agregatlari, shundan 20,4 ming dona chopiq traktorlari, 8,8 ming dona seyalkalar, 2,9 ming dona yer tekislagichlar, 19,6 ming dona kultivatorlar, 4,8 ming dona chizellar, 3,5 ming dona mineral o‘g‘it sepgichlar, 4,3 ming dona purkagichlar va 78,9 ming dona tishli boronalar mavsumga shay holga keltirildi.
Oxirgi besh yilda qiymati 7,8 trln so‘mlik 47,2 ming dona, shu jumladan, paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan qiymati 3,9 trln so‘mlik 20,1 ming dona qishloq xo‘jaligi texnikalari xarid qilindi:
– 2017-yilda – 6,6 ming dona, qiymati 475,2 mlrd. so‘m;
– 2018-yilda – 10,8 ming dona, qiymati 2 trln 166 mlrd 4 mln so‘m;
– 2019-yilda – 11,2 ming dona, qiymati 1 trln 589 mlrd 3 mln so‘m;
– 2020-yilda – 7,5 ming dona, qiymati 2 trln 537 mlrd 3 mln so‘m;
– 2021-yilda – 11,1 ming dona, qiymati 1 trln 064 mlrd so‘m.
Misol uchun, bugungi kunda 122 ta paxta-to‘qimachilik klasterining qiymati 3,9 trln so‘mlik 20 100 dona qishloq xo‘jaligi texnika va agregatlari mavjud. Jumladan,
– Buxoro viloyatidagi «BCT Cluster Agrokompleks» MCHJ tomonidan qiymati 92,4 mlrd so‘mlik 1228 dona;
– Toshkent viloyatidagi «TCT Cluster» tomonidan qiymati 200,7 mlrd so‘mlik 2386 dona;
– Andijon viloyatidagi “KHANTEX GROUP” MCHJ tomonidan qiymati 199,9 mlrd so‘mlik 448 dona;
– Namangan viloyatidagi «Art Soft Holding» MCHJ tomonidan qiymati 249,5 mlrd so‘mlik 652 dona zamonaviy resurstejamkor qishloq xo‘jaligi texnika va agregatlari xarid qilingan.
PAXTA TERIMINI MEXANIZATSIYALASH DARAJASI PAST, AMMO UNI OSHIRISH USTIDA ISHLANMOQDA
Ammo, ayni vaqtda yetishtirilgan paxta xom ashyosini mashinalar yordamida terib olish salmog‘i juda past darajada qolmoqda.
Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Navoiy, Namangan va Xorazm viloyatlarida bu ko‘rsatkich 1-5 foiz bo‘lsa, Buxoro, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida 0 foizni tashkil etmoqda.
Paxtani terib olish jarayonining mexanizasiya darajasini oshirish va to‘liq mashinalar yordamida terib olishni yo‘lga qo‘yish maqsadida 2020-2026-yillarda 10 ming dona paxta terish mashinasini ishlab chiqarish va joylarga yetkazib berish yuzasidan Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-yanvardagi 21-sonli qarori qabul qilindi.
Jumladan,
– 2019-yilda paxta terishni mexanizasiyalash darajasi 0,8 foizni tashkil etgan bo‘lsa,
– 2020-yilda 1000 ta xorijiy va mahalliy paxta terish mashinalarini sotib olish hisobiga ushbu daraja 3,5 foizdan 8 foizga (245 ming t) yetkazildi.
– 2021-yilda mavjud va yangi xorijiy va mahalliy paxta terish mashinalari sotib olish hisobiga paxta terishni mexanizatsiyalash darajasi 8 foizdan 13 foizga (436 ming t) yetkazildi.
Xuddi shu kabi paxta mashinalar bilan terib olish hajmini 2022-yilda 23 foiz, 2023-yilda 38 foiz, 2024-yilda 50 foiz, 2025-yilda 60 foiz va 2026-yilda 70 foizga yetkazish nazarda tutiladi.
AGRAR SEKTORNI MEXANIZATSIYALASH KAMCHILIKLARI YANA QANDAY HAL ETISH REJALASHTIRILMOQDA?
– Yiliga qiymati 6,5 trln so‘mlik 17 mingdan ortiq qishloq xo‘jaligi texnikalari uchun zarur aylanma mablag‘larni hal etish choralari ko‘riladi.
– Barcha turdagi qishloq xo‘jaligi texnika va agregatlarini sotib oluvchilar uchun texnika qiymatining 15 foizdan kam bo‘lmagan qismi va bank kreditlari hamda lizingga sotib oluvchilarga foiz stavkasining 10 foizdan ortiq qismi subsidiyalanadi.
– Yetkazib berilayotgan texnikalarga kafolat muddati va undan keyingi davrlarda servis, ta’mirlash xizmatlarini ko‘rsatish, ehtiyot qismlari ta’minoti to‘liq yo‘lga qo‘yiladi.
– Yuqori unumli qishloq xo‘jaligi texnikalariga servis va ta’mirlash xizmatlari uchun muhandislar malakasini oshirish va qayta o‘qitish nazarda tutiladi.
– Har bir hududda “davlat – xususiy sherikchilik” asosida, qishloq xo‘jaligi texnikalari hamda ehtiyot va butlovchi qismlar ishlab chiqarish korxonalari soni keskin oshiriladi.
– 2022-2024-yillarda Jizzax, Qashqadaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan paxta terish mashinalari xizmatidan foydalanganlik uchun xarajatlarning 30 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi.
– Import qilinadigan texnika, butlovchi va ehtiyot qismlar bojxona to‘lovlaridan 3 yil muddatga ozod etiladi.
– Import qilingan texnikalarga qo‘shilgan qiymat solig‘ini 270 kungacha kechiktirib to‘lash tartibi joriy etiladi.
O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi Multimedia markazi tomonidan O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligining Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash va texnik modernizatsiyalash boshqarmasi maʼlumoti asosida tayyorlandi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: