2022-yil 20-fevral kuni Tehronda O‘zR qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev Eron Islom Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Javad Sadati Nejat bilan muzokaralar olib bordi. Tomonlar bog‘dorchilik, issiqxona xo‘jaligi, parrandachilik hamda fan va agroxizmatlar sohasida hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdi.
Agrosektorlar rahbarlarining uchrashuvi bosh vazir o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi hukumat delegatsiyasining Eronga tashrifi doirasida hamda savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Eron Hukumatlararo komissiyasining 14-yig‘ilishi arafasida tashkil etildi.
Jamshid Xodjayev vazir Javad Sadati Nejad bilan muzokaralarning avvalida bu Eronga uning qishloq xo‘jaligi vaziri sifatidagi birinchi tashrifi ekanini ta’kidlab, Eron iqtisodiyoti statistik ma’lumotlari qishloq xo‘jaligi sektoridagi chuqur o‘zgarishlardan dalolat berishini qayd etib o‘tdi: 14% YAIM va 20% bandlik.
– Hozirda O‘zbekiston ham prezident rahbarligida tasdiqlangan «Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-203-yillarga mo‘ljallangan strategiyasi» bilan boshlangan qishloq xo‘jaligi sohasining 10 yillik transformatsiyasi yo‘lidan bormoqda, – ta’kidladi Jamshid Xodjayev. – Strategiya keng qamrovli ustuvor yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan, oziq-ovqat xavfsizligi, qishloq xo‘jaligi yerlarini boshqarish, qishloq xo‘jaligi tadqiqotlarini rivojlantirish, ta’lim, xizmatlar, agrobiznes hamda qo‘shilgan qiymat uchun qulay sharoitlarni yaratish, qishloq xo‘jaligi texnik ko‘magini ko‘rsatish va boshqalar shular jumlasidandir. Bugungi kunda eksportimiz barqaror ravishda yiliga 1,1 mlrd dollarni, qishloq xo‘jaligining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi qariyb 27 foizni tashkil etmoqda, mamlakat har yili 20 mln tonnadan ziyod meva va sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqaradi. Go‘sht, sut, parranda va asal ishlab chiqarish baliqchilik bilan bir qatorda rivojlanib bormoqda. Ammo qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ham talaygina.
Xodjayevning ta’kidlashicha, Eron singari O‘zbekiston ham qishloq xo‘jaligida keskinroq his qilinayotgan iqlim o‘zgarishlarini boshdan kechirmoqda. Suvni asrash, melioratsiya va tuproq unumdorligini saqlash vazirlik faoliyatining eng muhim yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Asosiy maqsad suv tejaydigan texnologiyalarni hamma joyda joriy etish, 1,1 mln gektardan ortiq yerlarni qayta kultivatsiya qilish hamda har bir gektar yerning hosildorligini oshirishdan iborat. O‘tgan yil davomida O‘zbekistonda 274 ming gektar maydon qayta tiklandi, davlat tomonidan subsidiyalash asosida 553 ming gektarda suv tejovchi tizimlar joriy etildi.
– Shuningdek, biz asta-sekin agroklasterlar va fermerchilik kooperativlarini rivojlantirish yo‘lidan bormoqdamiz, bu esa qo‘shilgan qiymatning butun boshli zanjirini qamrab olishga imkon beradi, – deya davom etdi Xodjayev. – Qishloq xo‘jaligi yerlari ijarasi va sub ijarasi hamda mulk huquqi bilan bog‘liq qoidalarni sekin-asta o‘zgartirayapmiz. Agrar sektorni raqamli transformatsiyalashga start berildi. Vazirlik tarkibiy bo‘linmalari bazasida, raqamli mahsulotlar ishlab chiqilmoqda: davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, subsiyadiyalash, xizmatlar tizimlari va boshqalardan foydalanishni soddalashtiruvchi ilova va platformalar shular jumlasidan. Investitsiyalarni jalb qilish va O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi salohiyatini maksimal darajada yuzaga chiqarish choralari ko‘rilmoqda.
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri tadqiqotlar va ishlanmalar milliy tizimi, iqlim o‘zgarishiga chidamli bo‘lgan agro ishlab chiqarish uslublarini rivojlantirishga davlat tomonidan e’tibor ortayotgani haqida mezbon mamlakat vakillariga so‘zlab berdi. Shu munosabat bilan respublikada qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalarning yangi AKIS tizimi ishga tushirilgan bo‘lib, u sohaning barcha ishtirokchilari uchun ilm-fan, ta’lim va konsalting xizmatlarini birlashtiradi. Ikki yil ichida O‘zbekistonning har bir hududi AKIS markazlari tarmog‘i bilan qamrab olinadi va jismoniy hamda onlayn xizmatlar ko‘rsata boshlanadi.
Muzokaralar natijalariga ko‘ra, tomonlar za’faron va xandon pista yetishtirish bo‘yicha ilmiy va tijoriy kooperatsiya borasida hamkorlikda ish olib borish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga kelishishdi, M.Mirzayev nomidagi ITIda xandon pista ko‘chatxonasini tashkil etish masalasi ham muhokama qilindi.
Paxtachilik, bog‘dorchilik, sabzavotchilik, dorivor o‘simliklar, baliqchilik, parrandachilik sohasida hamkorlik salohiyatining dastlabki muhokamasi bo‘lib o‘tdi.
Eron tomoni O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirligining AKIS platformasi orqali Eron agrobiznesi mahsulot va xizmatlarini targ‘ib qilish taklifini hamda Eron qishloq xo‘jaligi axborot agentligi hamda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar markazi o‘rtasida hamkorlik imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.
Agrar sohada muloqot va hamkorlikni kuchaytirish maqsadida idoralararo O‘zbekiston-Eron ishchi guruhi shakllantiriladi. Shuningdek, vazir Javad Sadati Nejad boshchiligida Eron kompaniyalaridan iborat delegatsiyaning Toshkentga javob tashrifini tashkillashtirish rejalashtirilmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: