Keyingi yillarda qishloq xo‘jaligi ekinlarini zararkunanda va kasalliklardan himoya qilishda biologik usulning ahamiyati ortmoqda.
Bu usul tabiatdagi kushandalardan unumli foydalanish (qirib yubormaslik, ekinlar orasiga entomofaglarni jalb qiluvchi o‘simliklar ekish), entomofaglarni (trixogramma, brakon va oltinko‘z) biolaboratoriyalarda ko‘paytirib, dalaga mavsumiy chiqarish hamda mikroorganizmlar asosida yaratilgan biopreparatlar qo‘llashga asoslangan. “Surxon sifat tekstil” MCHJ qoshidagi biolaboratoriya ham paxtadan yuqori hosil olishga qaratilgan loyiha hisoblanadi.
Jami yer maydoni 8888 gektarni tashkil etadigan paxtachilik hamda g‘allachilikka ixtisoslashtirilgan klasterning faoliyatini sifatli olib borish maqsadida “Surxon sifat tekstil” MCHJ qoshida biolaboratoriya tashkil etilgan. Ushbu biolaboratoriyaning asosiy vazifasi paxtadan yuqori hosil olish uchun zararkunandalarga qarshi kurashishdan iborat. 2023-yilning boshida tashkil etilgan biolaboratoriya ayni paytda 4500 gektar maydondagi paxtalarning hosildorligini oshirish uchun xizmat qilmoqda.
Biolaboratoriyada asosan 3 xil foydali hasharotlar mavjud: oltinko‘z, trixogramma hamda brakonid. Bularning asosiy vazifasi zararkunanda hasharotlarni yo‘q qilishdan iborat.
Dilshod Abdullayev, “Surxon Sifat Tekstil” MCHJ rahbari:
“Klasterda umumiy hisobda 230 nafar, ip-kalava ishlab chiqarish fabrikasida 700 nafar, tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish zavodida 350 nafar va yangi tashkil topgan biolaboratoriyada hozircha 10 nafar ishchi faoliyat olib bormoqda. Keyinchalik biofabrika ochganimizdan so‘ng yana qo‘shimcha ishchi olmoqchimiz. Biolaboratoriyamizni tashkil etishdan asosiy maqsad zararkunanda hasharotlarga qarshi kurashgan holda paxtadan yuqori hosil olish. O‘tgan 2022-yilda paxtaning har gektaridan 30-35 sentnerdan paxta oldik. Joriy yilda esa maqsadlarimiz esa 45-50 sentner paxta olish”.
Mavjud biolaboratoriya biomahsulotlarni ishlab chiqarishlari uchun talab qilinadigan ozuqa bilan ta’minlandi. Natijada zarur bo‘lgan biomahsulotlar yetishtirilib, g‘o‘za va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari zararkunandalardan himoya qilinadi.
Hikmatulla Amanov, biolaboratoriya mudiri:
“Agarda biolaboratoriya ishi tartibli olib borilsa, hosildorlik 5-10 sentnergacha ko‘payishi mumkin. Trixogramma haqida gapiradigan bo‘lsak, u ekinlardagi ko‘sak qurti, kuzgi tunlam kabi hasharotlar urug‘ining zararlanishiga qarshi ishlatiladi. Oltinko‘z esa hammaxo‘r hasharot bo‘lib, turli xil zararli hasharotlarga qarshi kurash uchun foydalaniladi”.
Paxta yetishtirishda tegishli biopreparatlardan foydalanish orqali, agar va ular o‘z vaqtida, meʼyorida ishlatilsa, qisqa muddatda yuqori samaraga erishiladi. Umuman olganda, bu kabi tadbirlar mamlakatimizdagi paxta hosilining yuqori samaradorligiga erishishga qaratilgan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: